Oʻz navbatida Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori tashrif davomida Hindistonning eng yetakchi tadqiqot markazlari hisoblangan “Vivekananda xalqaro fondi” va Hindiston xalqaro ishlar kengashi rahbariyati bilan uchrashdi va mazkur “aql markazlari” tahlilchilari bilan hamkorlikda tashkil etilgan “davra suhbatlarida” ishtirok etdi.
Tadbirlar davomida hind ekspertlariga 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining asosiy maqsad va vazifalari haqida maʼlumot berildi. Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo oʻzaro mintaqaviy bogʻliqlik loyihalari, mintaqadagi xavfsizlik masalalari, savdo-iqtisodiy, transport va logistika, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va ularni rivojlantirish boʻyicha fikr almashildi.
“Davra suhbatlari” doirasida Oʻzbekistonning joriy yildagi Shanxay hamkorlik tashkilotidagi raisligi doirasida amalga oshirilayotgan muhim tashabbuslarga alohida eʼtibor qaratilib, mazkur tashkilot salohiyatidan yanada kengroq foydalanish imkoniyatlari tahlil qilindi.
Muloqotlar chogʻida, shuningdek, Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari boʻyicha hind tahlilchilarining fikrlari oʻrganildi. Tegishli yoʻnalishlardagi aloqalarni mustahkamlashda “aql markazlarining” faolligini yanada oshirish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuvlarda ikki tomonlama va koʻp tomonlama munosabatlarning eng dolzarb va ustuvor yoʻnalishlarini birgalikda tadqiq etishga yoʻnaltirilgan Oʻzbekiston va Hindiston tahlil markazlari ishtirokida qoʻshma tadbirlar tashkil qilish hamda hamkorlikda tadqiqot loyihalarni amalga oshirish va qoʻshma nashrlarni yoʻlga qoʻyishga kelishildi.