Uchrashuvda investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikka qaratilgan ikki tomonlama munosabatlarning kun tartibi ko‘rib chiqildi.
Ikki mamlakatning iqtisodiy aloqalarida ishga solinmagan salmoqli salohiyat va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirishning samarasi yuqori bo‘lgan qator ustuvor yo‘nalishlar qayd etildi.
Xususan, tomonlar O‘zbekiston Respublikasi bilan Hindiston Respublikasi o‘rtasida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi hamda Investitsiyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqishni tezlashtirish va ularni qisqa muddatlarda imzolash dolzarbligini ta’kidladilar.
O‘zbekiston tomoni savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha qo‘shma Ishchi guruh tuzish tashabbusini olqishladi. Yaqin vaqtda Ishchi guruhning birinchi yig‘ilishini tashkil etish imkoniyati va uning kun tartibi bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Tomonlar 2022-yilning birinchi choragida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi va Hindiston Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning 13-yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish masalalarini, xususan, tadbirni amaliy mazmun bilan to‘ldirishni muhokama qildilar.
Tomonlar yangi istiqbolli investitsiyaviy loyihalarni ishlab chiqish va ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida savdo aloqalarini o‘rnatish, O‘zbekiston bilan Hindiston o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikning keng qamrovli dasturini ishlab chiqish bo‘yicha qo‘shma ishlarni faollashtirishga kelishdilar.
Alohida tartibda hududlararo hamkorlikni, xususan, O‘zbekistonning Andijon viloyati va Hindistonning Gujarot shtati o‘rtasida munosabatlarni faollashtirish chora-tadbirlari o‘rganildi. Bundan tashqari, investitsiyaviy, savdo va madaniy-gumanitar sohalarda qo‘shma loyihalar va dasturlarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda, Farg‘ona viloyati va Xaryana, Buxoro va Haydarobod, Toshkent va Nyu-Dehli shaharlari o‘rtasida bevosita hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Muloqotda moliyaviy-texnik hamkorlik sohasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, tomonlar Hindiston Eksimbanki tomonidan O‘zbekistonda infratuzilmaviy rivojlanish va ta’lim sohalarida ustuvor loyihalarni amalga oshirishni moliyalashtirish uchun 448 million dollar miqdorida mablag‘lar ajratilishini olqishlab, ushbu loyihalarni amalga joriy etish borasida birgalikda ishlashga kelishib oldilar. Shuningdek, Hindistonning grant mablag‘larini jalb qilish hisobiga amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan IT, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida ijtimoiy yo‘naltirilgan yangi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni jadallashtirishga kelishildi.
Transport infratuzilmasi sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutib, transport va logistika sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha faol ishlarni davom ettirish zarurligi to‘g‘risida yakdil fikrlar bildirildi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikning ko‘rib chiqilgan barcha yo‘nalishlarini yanada kengaytirishga qaratilgan aniq vazifalar belgilandi.
Shuningdek, Hindiston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi va O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi o‘rtasida «Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazida yangi metrologik laboratoriyani tashkil qilish va jihozlash» hamda «O‘zbekistonning Sirdaryo viloyatidagi umumta’lim maktablarini kompyuter texnikasi bilan jihozlash» loyihalarini amalga oshirish uchun grant mablag‘larini ajratish bo‘yicha O‘zaro anglashuv memorandumlari imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.