O'zbekiston va Hindiston jurnalistlar tashkilotlari hamkorlik memorandumini imzoladi

    Hindiston Press-klubida o'zbekistonlik bir guruh jurnalistlar bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.

    Mamlakatimizning Dehlidagi diplomatiya missiyasi vakillari, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Farg'ona viloyati bo'limi raisi Muhammadjon Obidov, Oliy Majlisi Senati a’zosi, Samarqand viloyati «Zarafshon» gazetasi bosh muharriri Farmon Toshev ikki davlat o'rtasida so'nggi yillarda izchil rivoj topayotgan hamkorlik aloqalari, mamlakat hayotining turli jabhalarida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarning natijalari haqida so'zlab berdi.

    O'zbekistonda ommaviy axborot vositalarining faoliyati, so'z va fikr erkinligi uchun ilg'or xalqaro tajribaga suyangan holda yaratilgan huquqiy asos, nodavlat axborot manbalari va ijtimoiy tarmoqlarning jamiyat hayotidagi mavqeiy oshib borayotgani, ushbu sohada xalqaro hamkorlik salmog'i yildan yilga yuksalayotganiga alohida e’tibor qaratildi.

    Hindiston Press-klubi vitse-prezidenti Manoranjan Bharati va boshqalar o'zbek va hind xalqlari o'rtasidagi tarixiy aloqalar bugungi kunda sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarilganini e’tirof etdi.

    Tomonlar O'zbekiston-Hindiston munosabatlarining bugungi yuksak darajasining mazmun-mohiyati va ahamiyatini ikki mamlakat xalqlari va xalqaro jamoatchilikka yetkazish jarayonida ommaviy axborot vositalari alohida o'rin tutishiga urg'u berib, bu yo'nalishda hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha yakdil fikr bildirdi.

    Muzokaralar yakunida O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Farg'ona viloyati bo'limi raisi Muhammadjon Obidov va Hindiston Press-klubi vitse-prezidenti Manoranjan Bharati O'zaro hamkorlik va tajriba almashuv haqida memorandumga imzo qo'ydi. Hujjatda Hindiston Press-klubi va O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Farg'ona viloyati bo'limi bundan buyon teng huquqli hamkorlik o'rnatgani, ikki mamlakat ommaviy axborot vositalari o'rtasida o'zaro axborot almashuviga ko'maklashishi, har yili jurnalistlarning o'zaro media-turlari va tajriba almashinuvlarini tashkil etishi, birgalikda forum, konferensiya, ijodiy tanlovlar o'tkazishi belgilab qo'yildi.

    O'zbekiston delegatsiyasi a’zolari safar doirasida Hindistonning turli yetakchi ommaviy axborot vositalari, xususan, ommabop NDTV telekanali va "The Eсonomiс Times" gazetasi bilan teleko'rsatuvlar va axborot materiallari almashishni yo'lga qo'yish bo'yicha kelishuvga erishdi.