Videokonferensiyada 2019-yilda Toshkent shahrida oʻz filialini ochgan AMITI universiteti, Andijonda ham 2019-yildan beri filiali faoliyat yuritayotgan Sharda Group va shu yilning iyul oyidan Jizzaxda oʻz filialini tashkil etgan Sambhram Group rahbariyati ishtirok etdi.
Muzokaralar chogʻida koʻrib chiqilayotgan yoʻnalishlarda oʻzaro manfaatli koʻp qirrali sheriklik borasida salmoqli salohiyat mavjudligi, shuningdek, Hindiston taʼlim muassasalari Oʻzbekistondagi faoliyatini kengaytirishga qiziqayotganligi qayd etildi.
Xususan, Hindiston universitetlarining Oʻzbekistondagi filiallarida tibbiyot fakultetlari va tegishli klinikalarni ochish istiqbollari koʻrib chiqildi. Hindiston tomoni jarrohlik, ortopediya, radiologiya, dermatologiya, oftalmologiya, pediatriya va psixiatriya kabi sohalarda sogʻliqni saqlash sohasida mutaxassislarni tayyorlashga qiziqish bildirdi. Talabalar keyinchalik mamlakatimizning ixtisoslashtirilgan muassasalarida ish bilan taʼminlanadi. Oʻzbekistonda Hindistonning ilgʻor texnologiyalari asosida xaridorgir dori-darmon vositalarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish imkoniyatlari alohida muhokama qilindi. Shuningdek, Hindistonning boshqa bir qator kompaniya va universitetlari mamlakatimizda oliy oʻquv yurtlari va tibbiyot markazlarini tashkil etishga qiziqish bildirgani muhokama qilindi.
Oʻzbekiston tomoni qoʻshma loyihalar va oʻquv dasturlarini joriy etishda har tomonlama amaliy yordam koʻrsatishga tayyorligini bildirdi. Oʻzbekistonning tegishli vazirlik va idoralarini jalb qilgan holda istiqbolli tashabbuslarni ishlab chiqish boʻyicha navbatdagi tadbirlar hamda oʻzaro hamkorlik olib borishning shakli belgilandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.