Oʻzbekiston va Hindiston texnoparklari oʻrtasida hamkorlik mustahkamlanmoqda

    Raqamlashtirish 22 Dekabr 2021 1422

    21-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi delegatsiyasining Hindiston dasturiy texnologiyalar parklari jamiyati (STPI) vitse-prezidenti Devesh Tyagi bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi oʻrinbosari Oleg Pekos qatnashdi.

    Uchrashuv chogʻida IT Park markaz va filiallarida trening va turli tadbirlarni oʻtkazish maqsadida hindistonlik mutaxassislarni jalb etish, IT Park kompaniya rezidentlari mahsulotlarini chet el bozorida ilgari surish, birgalikda koʻrgazma va forumlarni tashkil etish masalalari koʻrib chiqildi. Shuningdek , STPI kompaniya aʼzolari uchun Oʻzbekistonga biznes safarlarni yoʻlga qoʻyish, Oʻzbekiston va Hindiston texnoparklarida xodimlarning malaka oshirishlarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun:

    Hindiston dasturiy texnologiyalar parklari jamiyati (STPI) 1991-yilda mamlakatda dasturiy taʼminotning eksportini kuchaytirish maqsadida tashkil etildi. Mazkur jamiyat dasturiy mahsulotlar va xizmatlarni rivojlantirishga va eksport qilishga koʻmak beradi, AKT sohasiga oid qonunchiligi boʻyicha konsalting xizmatlarini taqdim etadi.