Oʻzbekiston va Ispaniya mudofaa idoralari hamkorlikni yoʻlga qoʻymoqda

    Ispaniya mudofaa vazirligida Oʻzbekiston mudofaa vazirligi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha Memorandumning ispan tomonidan imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

    Ispaniya tomonidan hujjatni mudofaa vaziri Margarita Robles imzoladi. Tadbirda Oʻzbekiston diplomatlari ishtirok etdi.

    Shu kuni boʻlib oʻtgan muzokaralarda vazir Oʻzbekistondagi demokratlashtirish va modernizatsiya jarayonlarining asosiy natijalari, shuningdek, mamlakatimiz Konstitutsiyasini isloh qilishning maqsad va vazifalari bilan tanishtirildi.

    Oʻz navbatida, Margarita Robles turli daraja va yoʻnalishlardagi muntazam muloqotlar samarasida soʻnggi yillarda Oʻzbekiston-Ispaniya munosabatlari ijobiy rivojlanish dinamikasini namoyon etayotganini taʼkidladi.

    U Oʻzbekistonning Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirish boʻyicha koʻp yillik xalqaro saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlab kelayotganini hamda ushbu mamlakatning iqtisodiy tiklanishi va Markaziy Osiyo mintaqasiga integratsiyalashuviga koʻmaklashishga tayyorligini yuqori baholadi. Margarita Robles, shuningdek, davlatimiz rahbarining mamlakatimizda tinchlikni taʼminlash, mintaqa va Oʻzbekistonning izchil rivojlanishi borasidagi saʼy-harakatlarini toʻliq qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.