Oʻzbekiston va Ispaniya oʻrtasida sport taʼlimi sohasida hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi

    Ispaniyada Oʻzbekistonning BHC-ERS Education nodavlat sport taʼlim muassasasi va Yoxan Kroyff instituti oʻrtasida hamkorlik bitimi imzolandi.

    Yoxan Kroyff instituti 20 asrning eng yaxshi futbolchilaridan biri, uchta marta “Oltin toʻp” sohibi, Niderlandiya terma jamoasi, “Ayaks” va “Barselona” klublari murabbiyi Yoxan Kroyff (1947-2016) tomonidan tashkil etilgan xalqaro oʻquv markazidir.

    Bitim Oʻzbekiston talabalari, sportchilari va sport menejerlariga sport menejmenti, marketing va ushbu sohaning boshqa yoʻnalishlari boʻyicha yuqori sifatli taʼlim olish imkoniyatini taqdim etishni nazarda tutadi.

    Toshkent futbol assotsiatsiyasi maslahatchisi Shuhrat Ernazarov Yoxan Kroyff institutining Oʻzbekistondagi faoliyatini muvofiqlashtiruvchisi etib tayinlandi.

    1999-yilda niderlandiyalik futbol yulduzi Yoxan Kroyff tomonidan tashkil etilgan va 35 nafar talaba tahsil oladigan xususiy muassasa hozirda sport menejmenti sohasida sportchilar va soha mutaxassislarini sifatli tayyorlash boʻyicha yetakchilardan biri hisoblanadi.

    Institut doimiy ravishda “Sports management” yoʻnalishi taʼlim dasturlari boʻyicha eng yaxshi reytinglardan joy olib kelmoqda. Onlayn taʼlim sifati boʻyicha u 2-oʻrinni egallaydi va Yevropadagi eng yaxshi beshta ixtisoslashgan muassasalar qatorida qayd etiladi.

    Institut Ispaniya, Meksika, Niderlandiya, Shvetsiya va Peruda oʻz filiallariga ega. Institutning asosiy kampusi Barselonada (Ispaniya) joylashgan. Bundan tashqari, institut oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlimni ham amalga oshiradi.

    Bu borada Yoxan Kroyff nomidagi uchta akademiya Amsterdam, Groningen va Tilburgda faoliyat koʻrsatmoqda. Shuningdek, Yoxan Kroyff nomida Amsterdam, Enshede, Groningen, Neymegen va Rozendalda beshta kollej mavjud.

    Hozirgi kunga qadar mazkur institut va uning filiallarida butun dunyodan 7 mingdan ortiq talaba sport menejmenti, sport marketingi, murabbiylik, futbol biznesi, homiylik, sport tashkilotlarining strategik moliyaviy boshqaruvi, innovatsiyalar va sport tadbirlarini boshqarish kabi sohalarda onlayn kurslarini hamda magistratura, doktorantura va ixtisoslashtirilgan dasturlarini tamomladi. Mohiyatan, Kroyff tarmogʻi bitiruvchilari butun dunyo boʻylab sport tashkilotlarini boshqarishga tayyor boʻlgan keyingi avlod rahbarlari, murabbiylar, sport tahlilchilari va menejerlarini tayyorlamoqda.