Oʻzbekiston va Italiya: hamkorlikning yangi qirralari

    Xalqaro hamkorlik 31 May 2023 1287

    SMTI direktori Rimda “Oʻzbekiston va Italiya: hamkorlikning yangi qirralari” mavzusidagi davra suhbatida ishtirok etdi

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi 29-may kuni Rim shahrida “Oʻzbekiston va Italiya: hamkorlikning yangi qirralari” mavzusidagi davra suhbatida ishtirok etdi.

    Tadbir Italiya Tashqi ishlar vazirligi huzurida faoliyat yurituvchi mamlakatning yetakchi tahliliy va tadqiqot tuzilmalaridan biri boʻlgan Italiya xalqaro tashkilotlar jamiyati bilan hamkorlikda oʻtkazildi.

    Tadbirda Italiya TIV, turli davlat idoralari, yetakchi kompaniyalari, oliy oʻquv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda Oʻzbekiston-Italiya hamkorligining bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi hamkorlik masalalari koʻrib chiqildi.

    Davra suhbatida soʻzga chiqqan Eldor Aripov mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab oʻttiz yildan ortiq vaqt davomida Italiya Oʻzbekistonning Yevropadagi ishonchli sherigi sifatida mamlakatning barqaror rivojlanishiga hissa qoʻshib kelayotganini alohida taʼkidladi.

    Shu munosabat bilan, Eldor Aripovning qayd etishicha, amalga oshirilayotgan Yangi Oʻzbekistonni rivojlantirish strategiyasi va Konstitutsiyaning yangilangan tahriridan kelib chiqadigan vazifalar Oʻzbekiston-Italiya munosabatlarini chuqurlashtirish va kengaytirish uchun yangi istiqbollarni ochmoqda.

    Rim Oʻzbekistondagi islohotlarni toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi. Italiyalik hamkorlar mamlakatda demokratik institutlarni mustahkamlash, iqtisodiyotni liberallashtirish va diversifikatsiya qilish borasida olib borilayotgan izchil siyosatni yuksak baholaydi.

    Italiyalik ekspertlar nafaqat Rimda, balki Yevropa Ittifoqida ham Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni katta qiziqish bilan kuzatishayotganini, bu orqali, eng avvalo, xalq farovonligini taʼminlash vazifalari ustuvor ekanligini taʼkidladi.

    Italiyaning Toshkentdagi elchisi Agostino Pinnaning soʻzlariga koʻra, 2017-yildan Oʻzbekistonda izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Yangi konstitutsiyaviy islohot bozor iqtisodiyoti uchun yanada mustahkam poydevor yaratdi: tadbirkorlik faoliyatining asosiy erkinliklari va kafolatlari mustahkamlanmoqda, xususiy mulk himoyasi kuchaytirilmoqda.

    Agostino Pinnaning soʻzlariga koʻra, Italiya-Oʻzbekiston munosabatlari aynan shunday jadal va izchil rivojlanayotgan paradigmada gullab-yashnamoqda. Shunday qilib, 2022-yil yakuniga koʻra, tovar ayirboshlash hajmi 32 foizga oʻsib, 535,4 million yevroga yetdi va bu Italiyani Oʻzbekistonning Yevropadagi uchinchi yirik savdo hamkoriga aylantirdi.

    Italiya biznesining Oʻzbekistonga qiziqishi oʻzaro xarakterga ega boʻlib, davomli ortib borayotgani alohida taʼkidlandi. Keyingi yillarda respublikada Italiya kapitali ishtirokida konchilik, metallurgiya, neft-kimyo va elektrotexnika sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi yangi sohalarni qamrab olgan korxonalar soni ikki barobarga oshdi. Natijada, soʻnggi toʻrt yil ichida oʻzlashtirilgan Italiya investitsiyalari hajmi yetti baravar koʻpayib, 7,1 million dollardan 49,6 million dollarga yetdi.

    Italiya xalqaro tashkilotlar jamiyati prezidenti Rikardo Sessa “Oʻzbekiston va Italiya koʻp asrlik doʻstlar” ekanini alohida qayd etdi. Uning fikricha, ikki davlatni uzoq yillik tarixiy va sivilizatsion aloqalar bogʻlab turadi. Zamonaviy Oʻzbekiston Rimning Markaziy Osiyo siyosatida muhim oʻrin egallaydi. Mustahkam ichki barqarorlik hamda Toshkentning oʻzaro manfaatli mintaqaviy siyosati Oʻzbekistonni Markaziy Osiyodagi muhim hamkorga aylantirmoqda.

    Uning soʻzlariga koʻra, tub oʻzgarishlar tufayli Italiyaning Oʻzbekiston bilan hamkorlikka boʻlgan strategik qiziqishi ortib bormoqda. Buning natijasida parlamentlararo aloqalar faollashmoqda, Oʻzbekiston va Italiya vazirliklari va idoralari darajasida aloqalar jadal kengaymoqda.

    Davra suhbati yakunida tomonlar oʻzaro ekspertlar muloqotini yanada rivojlantirish, Oʻzbekiston va Italiyaning tahliliy institutlari oʻrtasidagi aloqalarni kengaytirish boʻyicha kelishuvga erishdi.

    Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va Italiya xalqaro tashkilotlar jamiyati oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi.

    Hujjatda ikki davlatning tahliliy markazlari oʻrtasida qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, tomonlarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan forumlar, seminarlar va davra suhbatlari tashkil etish orqali hamkorlik va muntazam ishchi aloqalarni yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgan.