баннер
10 Apr 2025
21:32

    O'zbekiston va Jahon banki mintaqadagi tabiatni tiklashga kirishdi

    Loyiha doirasida Jahon banki tomonidan 153 million dollar ajratiladi. Bu mablag' O'zbekistonda degradatsiyaga uchragan erlar va o'rmonlarni tiklashga yo'naltiriladi.

    Samarqand xalqaro iqlim forumi doirasida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi va ekologiya vazirligi huzuridagi O'rmon xo'jaligi agentligi Jahon banki bilan birgalikda «O'zbekistonda barqaror landshaftlarni tiklash» loyihasi boshlanganini e'lon qildi.

    Jahon banki loyihani amalga oshirish uchun 153 million AQSH dollari miqdorida mablag' ajratadi. Bu loyiha Markaziy Osiyoning beshta davlatida o'rmonlar va degradatsiyaga uchragan erlarni tiklashga ko'maklashish bo'yicha amalga oshiriladigan mintaqaviy dasturning bir qismidir.

    «Biz bugun Jahon banki bilan hamkorlikda yo'lga qo'yayotgan loyihamiz O'zbekiston o'rmon xo'jaligi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasida belgilangan maqsadlarga erishishga yordam beradi. Bu o'n yillik oxiriga qadar o'rmonlar maydonini 6,1 million gektarga etkazish masalalarini ham o'z ichiga oladi, — dedi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov. — Loyiha erlari degradatsiyaga uchragan erlarga but va daraxtlar ekish orqali mahalliy landshaftlarning barqarorligini va oziq-ovqat tizimlarining unumdorligini oshiradi, shuningdek, aholi turmush sharoitini yaxshilash, infratuzilmani rivojlantirish va ish o'rinlari yaratishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, loyiha tabiiy resurslardan yanada samarali foydalanish orqali kichik va o'rta biznesni qo'llab-quvvatlaydi va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda ekoturizmni rivojlantirishga xizmat qiladi».

    Loyiha mamlakatning turli hududlarida landshaftlar barqarorligini ta'minlash va o'rmonlarni qayta tiklash, shuningdek, O'zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari o'rtasida transchegaraviy tabiiy hududlarni tiklash bo'yicha hamkorlikni mustahkamlaydi. Loyiha tadbirlari mamlakatimizning 6 ta hududi — Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida amalga oshiriladi.

    O'zbekistonda o'rmon resurslari cheklangan. Ma'lumotlarga ko'ra, O'rmon xo'jaligi agentligidagi o'rmon bilan qoplangan er maydoni 4,4 million gektarni tashkil qiladi. Bu umumiy er maydonining 10,6 foizini tashkil qiladi. Oxirgi 10 yil ichida Respublikada o'rmonzorlar maydonini ko'paytirishga jiddiy e'tibor qaratildi. Bunga misol qilib, Orol dengizining qurigan tubida o'rmon barpo etish hajmi keskin ko'paytirildi.

    Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 27 martdagi «Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida «O'zbekistonda barqaror o'rmon landshaftlarini tiklash» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida» PQ-140-son qaroriga muvofiq Respublikaning 176 ming gektar er maydonida o'rmonzorlarning tabiiy tiklanishiga ko'maklashish, 38,5 ming gektar er maydonlarida yaylovlarni qayta tiklash, 15 ming gektar er maydonida suvni tejash va tog' o'rmonlarida tuproq eroziyasiga qarshi kurashish, 14,2 ming gektar er maydonlarida agroo'rmonchilik tadbirlarini amalga oshirish, 5 ming gektar er maydonda sanoatbop o'rmonzorlar tashkil qilish hamda 5 ming gektar er maydonida dorivor o'simliklar plantatsiyalarini tashkil qilish ishlari amalga oshirilmoqda.

    Iqlim o'zgarishi ham o'rmonlarning degradatsiyasini tezlashtirmoqda. Bu yong'inlar sonining ko'payishiga, zararkunandalarning tarqalishiga va daraxtlar kasalliklarining ortishiga olib keladi.

    Loyiha doirasida ekologiya, atrof-muhit va iqlim o'zgarishi vazirligi huzuridagi O'rmon xo'jaligi agentligi tomonidan loyiha doirasida quyidagi ishlar amalga oshiriladi:

    • respublikaning 6 ta viloyatida degradatsiyaga uchragan erlarni daraxtlardan (agroo'rmon xo'jaligi, o'rmon plantatsiyalari, bog'lar, o'rmon-yaylov tizimlari) tiklash bo'yicha ishlarni amalga oshirish (ushbu faoliyat, shuningdek, o'rmonlarni qayta tiklash va ko'kalamzorlashtirish kabi landshaftni tiklash faoliyati bilan shug'ullanadigan mahalliy aholi uchun qisqa muddatli ish o'rinlarini yaratadi);
    • Tabiiy resurslardan samaraliroq foydalanish asosida kichik va o'rta korxonalarni rivojlantirish uchun fermerlarga moliyaviy va ta'lim sohasida yordam ko'rsatish;
    • Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va o'rmon qo'riqxonalarini boshqarishni takomillashtirish va 6 ta hududda barqaror ekoturizmni rivojlantirish (Loyiha zarur infratuzilmani, jumladan, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va o'rmon hududlarida turistik markazlar, ma'muriy ob'ektlar, kempinglar, sayr qilish joylari, sayyohlik marshrutlari va boshqa rekreatsion maydonlarni yaratishni moliyalashtiradi);
    • O'zbekistonda birinchi bo'lib o'rmon plantatsiyalari bo'yicha yagona ma'lumotlar bazasini yaratish va O'rmon xo'jaligi agentligi uchun axborot-kommunikatsiya platformasini yaratish (Bu agentlikni modernizatsiya qilish va uning samaradorligini oshirish imkonini beradi).

    Loyiha taqdimoti davomida Toshkentdagi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o'zgarishini o'rganish universiteti («Green University») va O'rmon xo'jaligi agentligi huzuridagi loyihani amalga oshirish bo'yicha guruh o'rtasida o'zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Bitim o'rmon xo'jaligi sohasida uning ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy jihatlarini qamrab olgan ilmiy tadqiqotlar uchun loyiha mablag'lari hisobidan grant ajratishni nazarda tutadi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech