Oʻzbekiston va Janubiy Koreya hududlararo aloqani kengaytiradi

    Janubiy Koreyaning Kvanju shahri Kvansan-gu tumani hokimi boshchiligidagi delegatsiya xizmat safari bilan Oʻzbekistonga keldi.

    Mamlakatimizning Janubiy Koreyadagi elchixonasi tashabbusi va Sirdaryo viloyati hokimligi taklifiga binoan, Kvanju shahri Kvansan-gu tumani hokimi Pak Byun Kyu boshchiligidagi delegatsiya joriy yil 19-23-aprel kunlari xizmat safari bilan Oʻzbekistonda boʻladi.

    Delegatsiya tarkibiga Kvansan-gu tumani hokimligi rasmiylari, deputatlari, “Koreya˗Oʻzbekiston” biznes assotsiatsiyasi boshligʻi, universitetlari prezidentlari, yetakchi kompaniya va tashkilotlari rahbarlari kiritilgan.

    Tashrif kun tartibidan Guliston shahrida ikki hudud tadbirkorlari ishtirokida biznes-forum va B2B/B2G shaklidagi uchrashuvlar oʻtkazish, hududlararo hamkorlik memorandumini imzolash, amalga oshirilayotgan yirik iqtisodiy loyihalar bilan tanishuv, “Sirdaryo” EIZga tashrif buyurish va xayriya tadbirlarini amalga oshirish oʻrin olgan.

    Bundan tashqari, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Koreys madaniyat markazlari uyushmasi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti, “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros hamda Guliston davlat universitetlarida uchrashuvlar oʻtkazish va tegishli hamkorlik hujjatlarini imzolash rejalashtirilgan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.