Oʻzbekiston va Janubiy Koreya parlamentlari hamkorlikda yangi loyihalarni yoʻlga qoʻyadi

    Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Koreya Respublikasining Milliy Assambleyasi delegatsiyasini qabul qildi.

    Uchrashuvda tomonlar ikki davlat parlamentlarining aloqalari hozirda yangi bosqichga koʻtarilganini, yaqin doʻstlik rishtalariga, xalqlarimizning mentaliteti, anʼana va qadriyatlari oʻxshashligiga asoslangan aloqalar strategik sheriklik munosabatlari darajasida rivojlanib borayotganini qayd etdilar.

    Shuningdek, savdo va investitsiya koʻrsatkichlari barqaror oʻsib borayotganiga, mamlakatimizda Koreya kapitali ishtirokida qariyb mingta korxona faoliyat yuritayotganiga eʼtibor qaratilib, bu boradagi koʻrsatkichlarni oshirish maqsadida qoʻshma loyihalarni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.

    Koreya tajribasi asosida “KOICA” xalqaro hamkorlik agentligi koʻmagi bilan Oʻzbekistonda “Elektron parlament” tizimini joriy etish grant loyihasining amalga oshirilishi muhokama etildi.

    Yaqinda saylangan Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi qoʻmitalari bilan Oliy Majlis Senati qoʻmitalari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni kuchaytirish boʻyicha takliflar ham ilgari surildi.

    Janubiy Koreyaning boy tajribasini inobatga olgan holda ayollar bandligini taʼminlash, birinchi navbatda, ularni tadbirkorlikka jalb etish, biznesni boshqarish salohiyatini oshirish yoʻnalishida hamkorlikni yoʻlga qoʻyishni ragʻbatlantirish lozimligi taʼkidlandi.

    Parlament darajasida Koreyadagi oʻzbekistonlik mehnat migrantlari uchun qulay sharoitlar yaratish masalasida ham fikr almashildi.

    Suhbat chogʻida ikki davlat oʻrtasida taʼlim, sogʻliqni saqlash, korrupsiyaga qarshi kurashish sohalarida birgalikda yangi loyihalarni ishga tushirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.