Oʻzbekiston va Janubiy Koreya poytaxtlari tumanlari oʻrtasida hamkorlik aloqalari oʻrnatiladi

    Xalqaro hamkorlik 23 Noyabr 2020 597

    Mamlakatimizning Janubiy Koreyadagi elchixonasi koʻmagida bugun Toshkent shahar Chilonzor tumani hokimining oʻrinbosari Ilhomjon Mamaraimov va Seulning Yangchon tumani maʼmuriyati umumiy boʻlimi boshligʻining xalqaro hamkorlik boʻyicha oʻrinbosari Choi Mi Gyu oʻrtasida videokonferensiya formatida muzokaralar tashkil etildi.

    Muloqotda tumanlar oʻrtasida birodarlashgan hududlar munosabatlarini oʻrnatish, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

    Choi Mi Gyu Yangchon tumani meri Kim Su Yong 2019-yil sentyabr oyida Seulda imzolangan Oʻzbekiston va Janubiy Koreya poytaxtlarining ikki tumani oʻrtasidagi hamkorlik va doʻstlik toʻgʻrisidagi protokol asosida Chilonzor tumani bilan aloqalarni kuchaytirishga katta ahamiyat berayotganini bildirdi.

    Onlayn-muzokaralar davomida Chilonzor tumani va Yangchon tumani oʻrtasida birodarlik munosabatlarini oʻrnatish boʻyicha saʼy-harakatlarni davom ettirish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

    Janubiy Koreya vakillari, iqtisodiyot, madaniyat, sport sohalarida birgalikda loyihalar amalga oshirish, koreys tilini oʻqitish boʻyicha tajriba loyihalarini tashkil etishga tayyorligini maʼlum qildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.