Oʻzbekiston va Jibuti oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatish toʻgʻrisida Qoʻshma kommyunike imzolandi. Sharqiy Afrikada joylashgan Jibuti Oʻzbekiston bilan diplomatik aloqalar oʻrnatgan 149-davlat boʻldi.
Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi maʼlum qildi.
Xabarda aytilishicha, kecha, 2-may kuni Nyu-Yorkda boʻlib oʻtgan tadbirda hujjatni ikki davlat hukumatlari nomidan Oʻzbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulugʻbek Lapasov va Jibutining BMTdagi doimiy vakili Mohamed Dualeh imzolagan.
Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirishgan.
Shuningdek, xabarda “ikki tomonlama hamkorlikning oʻzaro manfaatli yoʻnalishlarini topish uchun hamkorlikni faollashtirish boʻyicha kelishuvga erishilgani” aytiladi.
Eslatib oʻtamiz, 2024-yilning 14-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi va Gambiya oʻrtasida ham diplomatik munosabatlar oʻrnatish toʻgʻrisidagi Qoʻshma kommyunike imzolangan edi.