Oʻzbekiston va Kanada hamkorligi istiqbollari muhokama etildi

    Xalqaro hamkorlik 2 Fevral 2024 2595

    Shu yil 2-fevralda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Kanadaning yangi tayinlangan elchisi Alan Xemson bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Suhbat avvalida Senat Raisi elchini yuksak va masʼuliyatli vazifaga tayinlangani munosabati bilan samimiy qutlab, uning kelgusi ishlariga muvaffaqiyatlar tiladi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston va Kanada oʻrtasidagi konstruktiv hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, parlamentlararo muloqot darajasini oshirish, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama etildi.

    Muloqot davomida ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarda savdo-iqtisodiy hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishi, togʻ-kon, energetika, neft-gaz sanoatida istiqbolli loyihalarni yoʻlga qoʻyish lozimligi taʼkidlandi.

    Shuningdek, ilmiy-texnikaviy, jumladan, taʼlim sohasidagi aloqalarni rivojlantirish, turizm, ekologiya va atrof muhit muhofazasi yoʻnalishlarida hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.

    Oʻzaro munosabatlarning yana bir muhim yoʻnalishi sifatida hududlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalariga eʼtibor qaratildi. Bunda ikki mamlakatning shaharlari oʻrtasida birodarlashgan aloqalarni oʻrnatish muhimligi taʼkidlandi.

    Parlamentlararo munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish, ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlarining tegishli qoʻmitalari oʻrtasida oʻzaro tashriflarni tashkil etish orqali yaqin hamkorlik oʻrnatish muhimligi qayd etildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.