Ochiq va ishonchli muloqot tarzida oʻtgan uchrashuv siyosiy va diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar hamkorlikni nazarda tutgan holda, Oʻzbekiston bilan Koreya oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni muhokama qilishga bagʻishlandi.

Ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarning yuqori darajasini taʼminlashda qonun chiqaruvchi organlarning muhim oʻrni hamda ular oʻzaro hamkorligining iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishga ijobiy taʼsiri qayd etildi. Shu munosabat bilan tomonlar ikkala parlamentda tashkil etilgan doʻstlik va hamkorlik assotsiatsiyalari va guruhlarining oʻzaro hamkorligini faollashtirish orqali parlament diplomatiyasini izchil kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Davlat boshqaruvi tizimida demokratik asoslarni kengaytirish, ijro etuvchi hokimiyat organlari ustidan parlament nazoratini amalga oshirish va qonunchilik bazasini, jumladan, biznes va investorlar bilan munosabatlarni tartibga soluvchi normalarni takomillashtirishga doir tajriba almashish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Koreya tomoni Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish tashabbusi doirasida amalga oshirilgan chora-tadbirlarni yuqori baholadi, shuningdek, ushbu jarayon Oʻzbekiston bilan Koreya oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning rivojlanish dinamikasiga ijobiy taʼsir koʻrsatishini taʼkidladi.

Oʻzbekiston tomoni “Yangi shimoliy siyosat” va “Koreya-Markaziy Osiyo” Hamkorlik forumi doirasida Koreya Respublikasi bilan ikki tomonlama va koʻp tomonlama loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida qoʻshma tashabbuslar va hamkorlik dasturlarini ilgari surishda sinergetik samaraga erishish maqsadida ikki mamlakat parlamentlari va hukumatlari oʻrtasida hamkorlikni yanada kuchaytirish boʻyicha alohida kelishuvlarga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.