Oʻzbekiston va Janubiy Koreya oʻrtasidagi doʻstlik hamda alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar, ayniqsa parlamentlararo aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama etildi.

Parlamentlararo hamkorlik samarali yoʻlga qoʻyilgani, parlament rahbarlarining oʻzaro tashriflari doirasida amaliy kelishuvlarga erishilgani, doʻstlik guruhlarining oʻzaro muloqot faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Oʻzbekiston va Koreya hududlararo hamkorligini kengaytirish, xususan mahalliy Kengashlar oʻrtasida aniq chora-tadbirlar koʻrsatib oʻtilgan qoʻshma dasturni qabul qilish orqali hududlardagi deputatlar oʻrtasida yaqin aloqalar oʻrnatish yuzasidan fikr almashildi.

Koreya Oʻzbekistonning Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi yetakchi savdo-iqtisodiy sheriklaridan biridir. Shu nuqtayi nazardan savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish eng ustuvor vazifa hisoblanadi. Oxirgi 5 yilda tovar aylanmasi ikki baravar oshdi. 2022-yilda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 23,3 foizga oʻsdi va 2,34 milliard dollarni tashkil etdi. 2025-yilga borib mazkur koʻrsatkichni 5 milliard dollarga yetkazish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi aytib oʻtildi.

Xususan, aniq maqsadlarga eʼtibor qaratilib, qator qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, jumladan, ishlab chiqarish korxonalarini zarur infratuzilma bilan taʼminlash, noyob metallarni oʻzlashtirish, shuningdek, yuqori tezlikda harakatlanish imkonini beruvchi yoʻllar barpo etish borasida hamkorlikni kuchaytirish lozimligi taʼkidlandi.

Madaniy-gumanitar aloqalar ham tomonlarning diqqat markazida boʻlib, taʼlim va kadrlar tayyorlash yoʻnalishlaridagi qoʻshma dasturlarni amaliy mazmun bilan boyitish takliflari ilgari surildi.

Mamlakatlarimiz pozitsiyalarining yaqinligidan kelib chiqib, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, jumladan, BMT institutlari va boshqa tuzilmalar doirasida bir-birini qoʻllab-quvvatlashga, koʻp qirrali hamkorlikning ustuvor va istiqbolli yoʻnalishlari boʻyicha ikki tomonlama munosabatlarni yangi darajaga olib chiqishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.