Ushbu sammitni oʻtkazish toʻgʻrisidagi kelishuv davlat rahbarlarining oʻtgan yil oktyabr oyidagi muloqotlari davomida erishilgan edi.
Bugungi muzokaralar kun tartibidan Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik va alohida strategik sheriklik rishtalarini rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari oʻrin oldi.
Davlat rahbarlari tadbirni ochib, bir-birlarini samimiy qutlar ekanlar, ushbu sammit kirib kelgan yangi yilda ikkala tomon uchun ham birinchi uchrashuv ekanini alohida qayd etdilar. Bu ikki tomonlama hamkorlikda juda yuksak darajaga erishilganidan yana bir bor dalolat beradi.
Taʼkidlanganidek, koʻp qirrali Oʻzbekiston-Koreya munosabatlari, pandemiyaga qaramasdan, izchil rivojlanishda davom etdi. Oʻtgan yili davlat rahbarlari telefon orqali ikki marta muloqot qildilar hamda Shimoliy iqtisodiy hamkorlik ikkinchi xalqaro forumida birgalikda ishtirok etdilar.
Murakkab sharoitlarda yirik investitsiya va savdo loyihalarining amalga oshirilishi taʼminlandi, yangi kooperatsiya obyektlari ishga tushirildi. Janubiy koreyalik sheriklarning koʻmagi va ishtirokida Toshkent shahrida tashkil etilgan, mintaqamiz uchun noyob boʻlgan zamonaviy bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi shular jumlasidan.
Oʻzbekiston Prezidenti koreys tomoni yangi koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish borasidagi xalqaro saʼy-harakatlarga salmoqli hissa qoʻshayotganini yuksak baholadi hamda ushbu xavfli kasallikning oldini olish, unga chalinganlarni samarali davolash va reabilitatsiya qilishda mamlakatimizga koʻrsatilayotgan katta amaliy koʻmak uchun minnatdorchilik bildirdi.
Davlat rahbarlari ikki tomonlama munosabatlar borasida soʻz yuritar ekanlar, alohida strategik sheriklikni yana-da mustahkamlash va hamkorlikni har tomonlama kengaytirish tarafdori ekanliklarini taʼkidladilar.
Muntazam siyosiy maslahatlashuvlarni davom ettirish va parlamentlararo almashinuvlarni faollashtirish, mamlakatlarimiz oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligini nishonlash boʻyicha ikki tomonlama tadbirlar dasturini tayyorlash yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Oliy, kasb-hunar va maktabgacha taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniy meros obyektlarini raqamlashtirish va restavratsiya qilish sohalaridagi hamkorlikning joriy va istiqbolli dasturlari koʻrib chiqildi.
Prezidentlar Oʻzbekiston hududlarida Janubiy Koreya yetakchi universitetlarining filiallari va kadrlarni professional tayyorlash boʻyicha qoʻshma markazlar soni ortib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Yetakchi oliy taʼlim muassasalarida oʻzbek va koreys tillarini oʻqitishni kengaytirishga, shuningdek, koreys diasporasini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratildi.
Iqtisodiy sohada Oʻzbekiston va Koreya hukumatlari va idoralari darajasida yoʻlga qoʻyilgan samarali ishlar qayd etildi. Prezidentlar investitsiya loyihalarini ilgari surish va yuzaga keladigan masalalarni tezkor hal qilish maqsadida ushbu muloqotlarni davom ettirish topshirigʻini berdilar.
Taʼkidlanganidek, joriy yilda janubiy koreyalik hamkorlar ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida jami 400 million dollargacha investitsiyalarni oʻzlashtirish kutilmoqda.
Bundan tashqari, yuqori texnologik sohalarda, shu jumladan energetika, neft-gaz, kimyo va neft-kimyo, farmatsevtika, qayta ishlash sanoati, qishloq xoʻjaligi, infratuzilmani modernizatsiya qilish, transport va logistika, turizm va koʻplab boshqa tarmoqlarda qiymati jami 3,4 milliard dollardan ziyod boʻlgan 55 ta yangi loyiha tayyorlanmoqda.
Ikki tomonlama ustuvor dasturlarni amalga oshirishda Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish fondi (EDCF) va Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan samarali sheriklik olib borilayotgani yuksak baholandi.
Davlat rahbarlari oʻzaro savdo hajmini koʻpaytirish muhim ekanini taʼkidladilar. Keyingi yillarda tovar ayirboshlashda rekord koʻrsatkichlarga erishildi.
Eksport-import amaliyotlari oʻrtasidagi nomutanosiblikni tekislash va ularning nomenklaturasini diversifikatsiya qilish masalalariga, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetkazib berish hajmini oshirish uchun fitosanitariya xizmatlarining hamkorligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Shu maqsadda tomonlar erkin savdo toʻgʻrisidagi ikki tomonlama bitimni imzolash boʻyicha muzokaralarni boshlaydilar.
Prezident Mun Chje In Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi masalasiga har tomonlama koʻmaklashishini yana bir bor tasdiqladi.
Sammit chogʻida global va mintaqaviy ahamiyatga ega masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Tomonlar BMT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida, shuningdek, yuqori texnologiyalar, “yashil” va raqamli iqtisodiyot sohalaridagi dasturlarni ilgari surish maqsadida “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” hamkorlik forumi doirasida yaqindan hamkorlikni davom ettiradilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Seulning Koreya yarim orolidagi vaziyatni tinch yoʻl bilan hal etish borasidagi saʼy-harakatlarini doimo qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi. Tomonlarning mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirish boʻyicha tashabbuslari yuksak baholandi.
Davlat rahbarlari ekologiya sohasidagi hamkorlik, shu jumladan Orolboʻyi mintaqasi uchun koʻp sheriklik asosidagi Trast fondi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash masalalariga alohida toʻxtaldilar.
Boʻlajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi koʻrib chiqildi. Prezident Mun Chje In Prezident Shavkat Mirziyoyevga Koreya Respublikasi tashrif bilan kelish toʻgʻrisidagi taklifini tasdiqladi.
Sammit yakunida “Toʻrtinchi sanoat inqilobi”ga koʻmaklashish maqsadida raqamlashtirish sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida memorandum, EDCF bilan hamkorlik boʻyicha uch yilga moʻljallangan 1 milliard dollarlik dasturni amalga oshirish boʻyicha bitim, zamonaviy koʻp tarmoqli klinika va loyihaviy institut – Kimyoviy texnologiyalar markazini qurish loyihalari boʻyicha zayom bitimlari imzolandi.
Bundan tashqari, yetakchi kompaniyalar darajasida mamlakatimiz energetika infratuzilmasining muhim obyektlarini modernizatsiya qilish toʻgʻrisidagi bitimlar imzolandi.
Davlat rahbarlari har doimgidek ochiq, samimiy, konstruktiv va doʻstona muhitda oʻtgan sammit yakunlaridan mamnun ekanliklarini qayd etdilar.
Tomonlar onlayn-muzokaralar oʻz vaqtida oʻtkazilgani va natijadorligi jihatidan yuzma-yuz uchrashuvlar amaliyotidan qolishmaganini taʼkidladilar.
Prezidentlar doʻstlik va keng koʻlamli sheriklik aloqalarini mustahkamlash, birodar mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi yoʻlida oʻzaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishda qatʼiy ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar.