Tomonlar koʻp qirrali Oʻzbekiston-Koreya hamkorligining keng qamrovli kun tartibini, shuningdek, ikki mamlakat oʻrtasida investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar munosabatlarni rivojlantirish borasida erishilgan natijalarni muhokama qildilar.

Energetika, geologiya, elektrotexnika, farmatsevtika va sogʻliqni saqlash sohalarida hozirgi vaqtda ishlab chiqilayotgan qator yangi investitsiyaviy loyihalarni oʻrganish va kelishish boʻyicha ishlarni jadallashtirishga oʻzaro tayyorlik bildirildi.

Yadroviy tibbiyot, biofarmatsevtika, elektronika va infratuzilmaviy rivojlanish sohalarida yangi loyihalar ustida birgalikda ish olib borishni nazarda tutgan holda EDPF Iqtisodiy taraqqiyotga koʻmaklashish jamgʻarmasi bilan hamkorlikning navbatdagi tadbirlari belgilandi.

Tomonlar 2021-2023-yillarga moʻljallangan yangi hamkorlik dasturi doirasida EDCF Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik jamgʻarmasi bilan hamkorlikda joriy etilayotgan loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish boʻyicha choralar koʻrishga kelishib oldilar.

Koreyaning KOICA Xalqaro hamkorlik agentligi bilan 2022-2024-yillarga moʻljallangan yangi hamkorlik dasturining imzolanishi qayd etildi.

Tomonlar Erkin savdo toʻgʻrisidagi bitimni qabul qilish jarayonidagi ijobiy oʻzgarishlarni mamnuniyat bilan olqishlab, ushbu qadam ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga sezilarli turtki berishini taʼkidladilar.

Qishloq xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi mashinasozligi va elektr transportini rivojlantirish sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda, “Taraqqiyotga rasmiy yordam” Dasturi doirasidagi hamkorlik istiqbollari alohida tartibda koʻrib chiqildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida birgalikda olib borish uchun ishlarning keng koʻlami mavjudligini tan oldilar hamda kelishilgan loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish boʻyicha yangi konstruktiv takliflarni ishlab chiqish yuzasidan faol hamkorlikka sodiqligini bildirdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.