Oʻzbekiston va Koreya: sogʻliqni saqlash sohasida hamkorlik kuchaytiriladi

    Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva 30-aprelda Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasining Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy taʼminot qoʻmitasi raisi Shin Dong Ginni qabul qildi.

    Ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik, parlamentlararo aloqalarning amaldagi holati va kelgusidagi rivoji, shuningdek, Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasida sogʻliqni saqlash sohasida birgalikda amalga oshirilayotgan loyihalar hamda rejalar muhokama etildi.

    Uchrashuvda mamlakatlar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirish, oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard dollarga yetkazish uchun mavjud salohiyatdan foydalanish lozimligi aytib oʻtildi.

    Muloqot davomida aholini ijtimoiy himoya qilish, xususan, sogʻliqni saqlash yoʻnalishida yangi loyihalarni jumladan, hamkorlikda yangi tibbiyot markazlarini tashkil etish, farmatsevtika klasterlarini ishga tushirish, kadrlar tayyorlash, hududiy tibbiyot muassasalarini ilgʻor uskunalar bilan jihozlash yuzasidan fikr almashildi.

    Suhbat chogʻida keyingi yillarda parlamentlar oʻrtasidagi aloqalar faollashgani, doʻstlik guruhlarining yaqin muloqoti yoʻlga qoʻyilganiga urgʻu berildi. Shu bilan birga, Oliy Majlisi Senatida Koreya Respublikasi Milliy assambleyasi bilan hamkorlik boʻyicha maxsus komissiyaning tuzilgani respublika rahbariyati tomonidan ikki tomonlama hamkorlikka katta eʼtibor qaratilayotganining ifodasi ekani eʼtirof etildi. Oliy darajadagi kelishuvlar va qoʻshma loyihalarning ushbu komissiya doirasida muhokama qilinishi ularning oʻz vaqtida hamda sifatli bajarilishiga koʻmak berayotgani aytib oʻtildi.

    Senatning Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi hamda Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasining Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy taʼminot qoʻmitasi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyish orqali onalar va bolalar salomatligi, reproduktiv koʻrsatkichlarni yaxshilash, irsiy kasalliklarning oldini olish, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari uchun volontyorlarni jalb etish yoʻnalishlarida oʻzaro tajriba almashishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.