Oʻzbekiston va Kuvayt tashqi ishlar vazirlari oʻzaro Anglashuv memorandumini imzoladilar

    Tashrif bilan Al-Kuvaytda boʻlib turgan Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Kuvayt tashqi ishlar vaziri Abdulla Ali al-Yahyo bilan muzokara oʻtkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.

    «Hamkasbim, Kuvayt tashqi ishlar vaziri Abdulla Ali al-Yahyo janoblari bilan birgalikda ikki tomonlama kun tartibimizdagi barcha yoʻnalishlarni muhokama qildik, – deb yozdi Oʻzbekiston TIV rahbari oʻzining telegram kanalida. – Shubhasiz, Oʻzbekiston va Kuvayt oʻrtasidagi sheriklikda hali foydalanilmagan ulkan salohiyat mavjud.

    Iqtisodiy aloqalarni ragʻbatlantirish, mintaqalarimiz oʻrtasidagi bogʻliklikni kengaytirish, muntazam almashinuvlarni faollashtirish, oʻzaro shartnomaviy-huquqiy asosni kuchaytirish, xalqlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlash va kadrlar salohiyatini oshirish ustuvor vazifalarimizdan boʻlib qolmoqda.

    Shuningdek, ikki davlat Tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida diplomatik kadrlar tayyorlash institutlari oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida oʻzaro Anglashuv memorandumini imzoladik».

    TIV maʼlumotiga koʻra, tashrif davomida qator ikki tomonlama muzokaralar, yetakchi tadbirkorlar bilan uchrashuvlar va Oʻzbekiston-Kuvayt biznes-forumida ishtirok etish rejalashtirilgan.