Qishloq xoʻjaligi vazirligida Latviya tashqi ishlar vaziri Edgars Rinkevichs boshchiligidagi delegatsiya vakillarining Iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnik hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya raisi, qishloq xoʻjaligi vaziri Jamshid Xodjayev bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Ushbu uchrashuv 2021-yil aprel oyida oʻtkazilgan Oʻzbekiston va Latviya Respublikalari oʻrtasidagi Hukumatlararo komissiyaning iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnik hamkorlik boʻyicha sakkizinchi yigʻilishining mantiqiy davomi hisoblanadi.
2021-yil aprel oyida Hukumatlararo imzolangan bayonnomaga koʻra, 25 ta hujjat va bir qator chora-tadbirlar, shu jumladan, savdo-iqtisodiy va investitsiya sohasida 7 ta tadbir, 2 tasi hududlararo hamkorlik sohasida, 4 tasi qishloq xoʻjaligida, 2 tasi farmatsevtikada, 3 tasi transport sohalarida, 2 tasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, 3 tasi taʼlim va 2 tasi turizm sohasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston hamda Latviya oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar 1992-yil oktyabr oyida oʻrnatilgan. Shundan buyon Oʻzbekiston Latviyaning Oʻrta Osiyodagi asosiy hamkorlaridan biri hisoblanadi.
Anʼanaga koʻra, Latviya va Oʻzbekiston oʻrtasida mustahkam siyosiy va iqtisodiy munosabatlar saqlanib kelyapti. Bu borada soʻnggi yillarda mamlakatlararo muloqot, yuqori darajadagi tashriflar almashinuvi, tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida oʻzaro siyosiy maslahatlashuvlar jadal rivojlanyapti, shuningdek, iqtisodiy masalalar yuzasidan hukumatlararo yigʻilishlar oʻtkazib kelinyapti.