Oʻzbekiston va Malayziya tashqi ishlar vazirlari oʻrinbosarlari uchrashdilar

    Xalqaro hamkorlik 19 May 2022 1471

    2022-yil 19-mayda Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Furqat Sidiqov mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Malayziya tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Kamarudin Jaffar bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Malayziya tashqi ishlar vaziri oʻrinbosarining Oʻzbekistonga amalga oshirgan tashrifi davlatlarimiz oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligiga toʻgʻri kelib, bu ikki tomonlama hamkorlikning yangi istiqbolli yoʻnalishlarini belgilash imkonini yuzaga chiqarishi taʼkidlandi.

    Oʻzbekiston-Malayziya kun tartibidagi keng koʻlamli masalalar muhokama qilindi, siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi.

    Tomonlar siyosiy muloqotni faollashtirish, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik, taʼlim va gumanitar almashinuvlarni kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

    Oʻzbekiston bilan Malayziya oʻrtasida tovar ayirboshlash hajmini oshirish va uning tuzilmasini diversifikatsiya qilish, shuningdek, turizmni rivojlantirish, muntazam va charter reyslarini tiklash boʻyicha oʻzaro chora-tadbirlar koʻrish muhimligi qayd etildi. Iqtisodiy diplomatiyani yanada rivojlantirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

    Xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.