Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan muloqotda Oʻzbekiston Polo federatsiyasi raisi Bahromjon Gaziyev, Malayziyadagi Oʻzbekiston elchixonasi vakillari, shuningdek, Malayziya tomonidan Qirollik polo assotsiatsiyasi raisining oʻrinbosari Muhammad Zekri bin Ibrohim, Selangor qirollik polo klubi vitse-prezidenti Roshdi Ahmad Nordin, Kuala-Lumpur Polo akademiyasi ijrochi direktori Piter Abisheganadenlar qatnashdi.

Muzokaralar davomida Malayziya tomoni sohada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yuqori baholadi.

Muzokaralar yakuni boʻyicha quyidagi kelishuvlarga erishildi:

- Oʻzbekiston polo federatsiyasi, Malayziya Qirollik polo assotsiatsiyasi va Qirollik Selangor polo klubi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida Memorandumni ishlab chiqish va imzolash;

- Oʻzbekistonlik trenerlar va hakamlar uchun qisqa muddatli maxsus oʻquv kurslari va malaka almashinuvi chora-tadbirlarini ishlab chiqish;

- Oʻzbekiston polo federatsiyasi vakillari uchun oʻquv-seminarlar tashkil etish;

- Pandemiya bilan bogʻliq vaziyat barqarorlashib borayotganligi sababli Oʻzbekiston hamda Malayziyaga oʻzaro tajriba almashinuvi tashriflarini tashkil etish.

Sir emaski, Malayziya nafaqat qitʼamiz, balki jahonda polo sporti rivojlangan davlatlar sirasiga kiradi, deb xabar beradi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati.