Uchrashuvda O‘zbekiston va Misr biznes vakillari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yana-da rivojlantirish va kengaytirish iqtiqbollari muhokama etildi.
Ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yana-da kengaytirish maqsadida O‘zbekiston va Misr ishbilarmonlari biznes kengashini tuzish taklifi bildirildi. Dastlabki bosqichda Misr tomoni ikki muhim jabha - farmatsevtika va to‘qimachilik sohalarida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi.
Bundan tashqari, tomonlar o‘rtasida ehtiyoj yuqori bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari – sitrus mevalar, zaʼfaron va quruq mevalar savdosini tashkil etishga ham alohida eʼtibor qaratishdi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston va Misr ishbilarmonlari o‘rtasida delegatsiyalar almashuvini ko‘paytirish, tadbirkorlar o‘rtasida muzokaralar tashkil etish, ikki mamlakatda bo‘lib o‘tadigan ko‘rgazma va yarmarkalarda biznes vakillarining ishtirokini taʼminlashga kelishib olindi.
Maʼlumot uchun: Misr Ishbilarmonlar uyushmasi 1979 yilda tashkil etilgan. U 18 qo‘mitadan iborat. Uyushma sanoat, qishloq xo‘jaligi, bank va moliya, energetika, ekologiya, axborot texnologiyalari, ko‘chmas mulk, turizm, fuqaro aviatsiyasi, transport, import-eksport va boshqa sohalarda faoliyat ko‘rsatadigan 500 nafar biznesmenni hamda 1300 ta yirik kompaniyalarni o‘z atrofiga birlashtirgan.
Misr Ishbilarmonlar uyushmasi xorijiy davlat ishbilarmon doiralari vakillari, xususan, Avstriya, Gretsiya, Vengriya, Iordaniya, Janubiy Koreya, Ruminiya, Tailand, Tunis, Turkiya, Ukraina Ishbilarmonlar kengashi hamda Afrika davlatlari va Xitoy bilan Qo‘shma qo‘mitani tashkil etgan.