Oʻzbekiston va Misr keng koʻlamli hamkorlikni mustahkamlamoqda

    Hukumat 21 Fevral 2023 4947

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Misr Arab Respublikasiga tashrifi doirasida oliy darajadagi muzokaralar yakuni boʻyicha hujjatlar imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

    Davlat rahbarlari siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniyat va taʼlim sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan Qoʻshma bayonotni qabul qildilar.

    Prezidentlar huzurida qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi. Ular ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari, Oʻzbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va Misr Investitsiyalar boʻyicha bosh boshqarmasi oʻrtasidagi, oʻsimliklar karantini va himoyasi, jamoat sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etish, investitsiyalarni jalb qilish va ikki tomonlama investitsiyaviy munosabatlarni mustahkamlash, texnik jihatdan tartibga solish, taraqqiyot masalalarida tajriba almashish kabi yoʻnalishlardagi hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutadi.

    Shuningdek, Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Sharqshunoslik instituti hamda Misr Milliy kutubxonasi va arxivi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumlari imzolandi.