Uchrashuv kun tartibidan Oʻzbekiston -Misr munosabatlarini savdo- iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda hamda parlamentlararo yoʻnalishlarida yanada rivojlantirish va hamkorlik koʻlamini kengaytirish masalalari oʻrin oldi.
Uchrashuvda tomonlar umumiy tarixiy, madaniy qadriyatlar hamda urf-odatlarning oʻxshashligi ikki mamlakatning oʻzaro aloqalarining asosiy omili boʻlib xizmat qilayotganini taʼkidladi. Madaniy-gumanitar aloqalarni ilm-fan, taʼlim, nodir qoʻlyozmalarni ilmiy oʻrganish, tibbiyot, turizm, mehmonxona xizmatlari yoʻnalishlarida oʻzaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish zarurligi muhokama etildi.
Misr tomoni mamlakatimizda joriy yilda boʻlib oʻtadigan muhim siyosiy tadbir – parlament saylovida xalqaro kuzatuvchilar sifatida qatnashishga tayyorligini bildirdi.
Muloqot davomida ikki davlat oʻrtasida tizimli parlament nazoratini oʻrnatish borasida kelishuvga erishildi.
Suhbat yakunida navbatdagi parlamentlararo doʻstlik guruhi yigʻilishini Toshkent yoki Qohirada tashkil etish, jumladan, tadbirning sanasi va kun tartibi masalalarini diplomatik kanallar orqali muvofiqlashtirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.