Suhbatda Oʻzbekiston Prezidentining Moʻgʻulistonga ilk tashrifi va uning doirasidagi oliy darajadagi muzokaralar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarda yangi bosqichni boshlab berishi mamnuniyat bilan qayd etildi. Taʼlim sohasidagi va madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Soʻng Birinchi xonimlar Ulan-Bator shahrida joylashgan Choyjin-lama ibodatxona-muzeyiga tashrif buyurdilar.
XX asr boshlarida barpo etilgan ushbu majmua tibet-moʻgʻul buddaviy sanʼatining benazir yodgorligi hisoblanadi.
Tashrif chogʻida Birinchi xonimlarga majmua meʼmorchiligi, unda saqlanayotgan qadimiy haykallar, tabobat anʼanalariga oid eksponatlar va tibet-buddaviy qonunlar toʻplami haqida batafsil maʼlumot berildi.
Shuningdek, Ziroat Mirziyoyeva muzeyning madaniy-maʼrifiy faoliyati, turizmni jalb etishdagi roli va yosh avlodni maʼnaviy tarbiyalashdagi ahamiyati bilan tanishdi.

