Dastlab ikki davlat delegatsiyalari rahbarlarining: Oʻzbekiston tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Jamshid Xoʻjayev va Moʻgʻuliston tomonidan Davlat Buyuk Xurali aʼzosi, Hukumat aʼzosi, Bosh vazir oʻrinbosari Sainbuyan Amarsaixanlarning ikki tomonlama uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari atroflicha koʻrib chiqilib, oʻzaro savdo koʻrsatkichlari, sarmoyalarni jalb etish va sanoat kooperatsiyasi boʻyicha aniq maqsadlar belgilab olindi.
Xususan, Oʻzbekiston bilan Moʻgʻuliston oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi oʻtgan yil yakuniga koʻra qariyb 50 foizga oshgani, joriy yilda ham ijobiy tendentsiya barqaror saqlanib qolayotgani qayd etildi.
Yengil avtomobillar, oziq-ovqat mahsulotlari va elektr jihozlari yetkazib berishda sezilarli oʻsish kuzatildi.
Ayni paytda Moʻgʻuliston kompaniyalari Oʻzbekiston hududlarida chorvachilik, geologiya, moliya va tibbiyot sohalarida loyihalarni amalga oshirmoqda.
Tomonlar kelgusidagi hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab, Oʻzbekiston Respublikasi va Moʻgʻuliston oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha Hukumatlararo komissiyaning 1-yigʻilishi doirasida muzokaralarni davom ettirdilar.
Yigʻilishda tegishli vazirlik, idora va tarmoq birlashmalari rahbarlarining amaldagi kelishuvlar ijrosi yuzasidan hisobotlari tinglandi. Loyihalarning har bir bosqichi atroflicha tahlil qilinib, ularni muvaffaqiyatli amalga oshirishni jadallashtirish boʻyicha samarali yechimlar ishlab chiqildi, muddatlar hamda masʼul shaxslar belgilab olindi.
Tadbirlar dasturi ikki mamlakatning 150 dan ortiq yirik kompaniyalari rahbarlari ishtirokidagi biznes-forum va ishbilarmonlar kengashining taʼsis yigʻilishi bilan davom etdi.
Forumda Moʻgʻuliston tomonidan Dornod meat market, Sodon Oil Trade, IATA, MONGOL BAZALT, Tsaramtainarvai, Ikh Dodizul Energy, Azipharma, Jargalant, Kapitron Bank, Mandal insurance sugʻurta va boshqa kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.
Bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Xodjayev oʻz qutlov soʻzida ishbilarmon doiralar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni faollashtirish, mintaqaviy bozorlar sigʻimi va transport-logistika imkoniyatlarini chuqur tahlil qilish asosida savdo aloqalarini tubdan kengaytirish muhimligini taʼkidladi.
Biznes-forumda Oʻzbekiston hududlari va iqtisodiyot tarmoqlari imkoniyatlari, togʻ-kon sanoati, qishloq xoʻjaligi, turizm, energetika va boshqa sohalarni rivojlantirish boʻyicha aniq investitsiya tashabbuslari va loyihalari taqdim etildi.
Shuningdek, Oʻzbekistonda tadbirkorlarning qulay faoliyat yuritishi, huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, mamlakatimiz sarmoyaviy va sanoat salohiyatining muhim jihatlari haqida soʻz yuritildi.
Dastur B2B va B2G uchrashuvlari bilan davom etdi. Unda tadbirkorlar yangi, foydali aloqalar oʻrnatishlari hamda oʻzaro manfaatli loyihalar va savdo kelishuvlarini birgalikda amalga oshirish tafsilotlarini muhokama qilishdi.
Tadbirlar yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston-Moʻgʻuliston hukumatlararo qoʻshma komissiyasining 1-majlisi bayonnomasi hamda bir qator ikki tomonlama shartnomalar, jumladan, Toshkent davlat agrar universiteti va Moʻgʻuliston hayot fanlari universiteti oʻrtasida taʼlim sohasiga oid kelishuvlar imzolandi.