Oʻzbekiston va Niderlandiya oʻrtasida siyosiy maslahatlashuvlar boʻlib oʻtdi

    2024-yil 25-aprelda Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi va Niderlandiya Qirolligi oʻrtasida siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi boʻlib oʻtdi.

    Unda Oʻzbekiston -Niderlandiya munosabatlarining bugungi holati va ustuvor yoʻnalishlari koʻrib chiqildi.

    Uchrashuvda siyosiy muloqotni faollashtirish, savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida mavjud salmoqli salohiyatni roʻyobga chiqarish, parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, mamlakatimizning yetakchi fan va taʼlim muassasalari oʻrtasidagi munosabatlarni kengaytirish masalalari muhokama etildi.

    Muzokaralar kun tartibidan toʻqimachilik va qishloq xoʻjaligi sohalarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari ham oʻrin oldi. Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirishdan oʻzaro manfaatdorlik bildirildi.

    Turli darajada, jumladan, «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» shaklidagi boʻlajak qoʻshma tadbirlar jadvali va tashkiliy jihatlariga alohida eʼtibor qaratildi.

    Ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibidagi boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.