Oʻzbekiston vakillari tomonidan OIS ning Islom olamining istiqbolli mintaqalararo va xalqaro tashabbuslarini muvaffaqiyatli ilgari surayotgan, shuningdek, siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalarda Tashkilotga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi munosabatlarning faol rivojlanishini taʼminlaydigan nufuzli xalqaro hukumatlararo Islom tashkilotlaridan biri sifatida ahamiyati qayd etildi. “Islom – tinchlik va taraqqiyot dini” tamoyiliga asoslangan samarali muloqot platformasi sifatida OISni yanada rivojlantirishni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyorlik bildirildi.
Oʻzbekiston bugungi kunda OISning roli va ahamiyatini mustahkamlashga ijobiy hissa qoʻshishda davom etayotgani taʼkidlandi. Tashkilot rahbariyati ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Oʻzbekiston bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalarda koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirish uchun barcha saʼy-harakatlarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
Orol dengizining qurishi oqibatlarini bartaraf etish va mamlakat aholisining toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish choralarini nazarda tutgan holda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida aniq loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Ushbu yoʻnalishlarda mavjud tajriba va ilgʻor texnologiyalar bilan tizimli ravishda almashish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Tomonlar, shuningdek, Oʻzbekistonning Tashkilotga aʼzo davlatlar bilan transport-logistika munosabatlarini rivojlantirish borasida yangi tashabbuslarni ishlab chiqish boʻyicha saʼy-harakatlarni birlashtirish zarurligi toʻgʻrisida kelishib oldilar.
Uchrashuv yakunida OIS va Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan amaliy hamkorlikni faollashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, tomonlar “Xiva – OIS 2024 sayyohlik poytaxti” tadbirlarini tashkil etish doirasida Hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim yuzasidan kelishish va tasdiqlashni tezlashtirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.