Oʻzbekiston va Oʻmon oʻrtasidagi iqtisodiy sheriklik yangi bosqichga koʻtarilmoqda

    Xalqaro hamkorlik 21 Yanvar 2022 523

    Oʻzbekiston Respublikasi va Oʻmon sultonligi oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning 4-yigʻilishi videokonferensiya shaklida oʻtkazildi.

    Yigʻilishga Oʻzbekiston tomonidan investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʻrinbosari Sh.Vafayev, Oʻmon tomonidan esa — tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari Shayx Xalifa bin Ali Al-Xarisiy hamraislik qildi. Tadbirda ikki mamlakatning asosiy vazirlik va idoralari rahbarlari ham ishtirok etdi.

    Tadbir kun tartibiga investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ilmiy-texnologik hamkorlik, shuningdek, turizm, transport, inson resurslari va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash sohalarida ikki tomonlama munosabatlarni yanada chuqurlashtirish masalalari kiritildi.

    Muhokama chogʻida yigʻilish ishtirokchilari koʻp qirrali ikki tomonlama hamkorlikning oʻsish nuqtalarini aniqlab, istiqbolli yoʻnalishlarda yangi qoʻshma loyihalar, dasturlar va tashabbuslarni ilgari surish mexanizmlarini kelishib olishdi.

    Neft va gaz, kimyo, energetika va elektrotexnika sanoati, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, qurilish materiallari, turizm va boshqa sohalarda investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va oʻzaro savdoni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. Savdo aylanmasini oshirish imkoniyatlarini birgalikda oʻrganish, mavjud savdo toʻsiqlarini bartaraf etish boʻyicha takliflar tayyorlash yuzasidan kelishuvga erishildi.

    Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasida yaqin aloqalar oʻrnatish va tadbirkorlarni qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga jalb qilish boʻyicha birgalikda ishlashga oʻzaro tayyorlik bildirildi. Ikki davlat tadbirkorlari oʻrtasidagi sheriklikning ustuvor yoʻnalishlarini koʻrib chiqish va yangi biznes tashabbuslarini hayotga tatbiq etishni amaliy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini ishlab chiqish rejalashtirildi.

    Umumiy qiymati qariyb 200 million dollarga teng boʻlgan investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirgan “UzOman Capital” oʻzbek-oʻmon investitsiya kompaniyasi faoliyati eʼtirof etildi. Tomonlar oʻmonlik va xorijlik investorlarning sarmoyalarini jalb etish maqsadida yaratilgan mazkur samarali qoʻshma platformadan faol foydalanishga kelishib oldilar.

    Transport sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, turizmga investitsiyalar jalb qilish, turistik almashinuv dasturlarini birgalikda yoʻlga qoʻyish, yoʻlovchi va yuk oqimlarini koʻpaytirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar va ikki mamlakat oʻrtasida madaniy almashinuvni kengaytirishga qaratilgan ikki tomonlama tadbirlar oʻtkazish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.

    Yigʻilish yakunida muhokama qilingan har bir sohada kelgusida hamkorlik qilish toʻgʻrisidagi kelishuvlarni aks etgan bayonnoma imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.