Oʻzbekiston va Ozarbayjon 2027-yilgi FIFA U-20 Jahon chempionatiga mezbonlik qiladi

    2027-yilgi 20 yoshgacha futbolchilar oʻrtasidagi FIFA Jahon chempionatiga Oʻzbekiston va Ozarbayjon birgalikda mezbonlik qilishi belgilandi.

    Bu boʻyicha bugun FIFA Kengashining navbatdagi yigʻilishida maʼlum qilindi, deb yozadi Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi axborot xizmati.

    Xabarda aytilishicha, mazkur musobaqa FIFA tomonidan oʻtkaziladigan milliy terma jamoalar oʻrtasidagi Jahon chempionatidan keyingi ikkinchi nufuzli musobaqa hisoblanadi.

    Soʻnggi yillarda mamlakatimiz koʻplab yirik xalqaro musobaqalarga mezbonlik qilib, katta tajriba orttirdi. Xususan, 2024-yilda yurtimizda oʻtkazilgan FIFA Futzal Jahon chempionati yuqori saviyada tashkil etilgani xalqaro futbol hamjamiyati tomonidan alohida eʼtirof etildi. Mazkur musobaqalar, shuningdek, oʻzbekistonlik mutaxassislarining xalqaro miqyosdagi yirik turnirlarni oʻtkazish boʻyicha yetarlicha tajriba va salohiyat toʻplashiga imkoniyat yaratdi.

    2027-yilga kelib dunyoning eng iqtidorli yosh futbolchilari FIFA U-20 Jahon chempionatida ishtirok etish uchun Oʻzbekiston va Ozarbayjonda toʻplanishadi. Yurtimiz, har doimgidek, oʻzining mehmondoʻstligi, professional yondashuvi, futbolga fidoyiligi va albatta futbolsevar muxlislarining mehri bilan butun dunyo eʼtiborini qozonishga tayyor.