Unda Ozarbayjon Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi A.Aliyev, Ozarbayjon Fan va taʼlim vazirligi, Yasamal tumani hokimligi rahbariyati va boshqa mutasaddilar ishtirok etishdi.
Anjuman davomida elchi B.Ashrafxonov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida maktabgacha va maktab taʼlimi sohasida ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar amalga oshirilayotgani, xususan, qisqa vaqt ichida maktabgacha taʼlim qamrovi 27 foizdan 70 foizga, maktablar soni esa 10 mingga yetgani maʼlum qilindi.
Shu bilan birga, tadbir ishtirokchilariga 2023-yildagi asosiy vazifalardan biri maktab taʼlimi sifati va o‘qituvchilarning obro‘sini oshirishdan iboratligi, shu jumladan, jamiyatda ularning mehnat va yashash sharoitlarini yaxshilash, yangi Konstitutsiyada o‘qituvchi maqomini mustahkamlash, uning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish nazarda tutilganiga alohida eʼtibor qaratildi.
2023-yilda 70 ta yangi maktab qurilishi, 460 ta maktab rekonstruksiya qilinishi, yangi o‘quv yilidan eʼtiboran O‘zbekistonning barcha maktablarida boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul ovqatlanish joriy etilishi taʼkidlandi.
53-maktab direktori T.Zeynalova o‘z nutqida O‘zbekistonga amalga oshirilgan amaliy safar, o‘tkazilgan mazmunli uchrashuvlar hamda O‘zbekistonning boy sayyohlik va madaniy merosi haqida delegatsiya orttirgan taassurotlarni o‘rtoqlashdi. Xususan, u Toshkent shahridagi Prezident maktabi faoliyati bilan tanishuv, u yerda yaratilgan sharoitlar to‘g‘risidagi taassurotlarini so‘zlab berdi.
Tadbirda maktab o‘quvchilari ijrosida O‘zbekiston va Ozarbayjon davlat madhiyalari, milliy raqs va ashulalari hamda milliy anʼanalarni aks ettiruvchi badiiy kompozitsiyalar namoyish etildi.
Anjuman yakunida elchixona nomidan o‘quvchilarga tashakkurnomalar, maktab pedagoglari va rahbariyatiga faxriy yorliqlar topshirildi.