Oʻzbekiston va Ozarbayjon energetika sohasida hamkorlikni kengaytiradi

    Energetika 22 Iyun 2022 1052

    2022-yil 20-iyunda Toshkentda energetika sohasida hamkorlik boʻyicha hukumatlararo anglashuv memorandumi imzolandi.

    Hujjatni Oʻzbekiston energetika vazirining birinchi oʻrinbosari Azim Axmedxadjayev va Ozarbayjon energetika vaziri Parviz Shahbazov imzoladi.

    Memorandum energetika sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishni nazarda tutadi. Jumladan: neft-gaz va neft-kimyo sohalarida, muqobil va qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida sheriklik, energiya resurslaridan samarali va oqilona foydalanish, shu jumladan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, energetika sohasida kadrlar tayyorlash va rivojlantirish dasturlarini taʼminlash maqsadida qoʻshma seminarlar, konferensiyalar, forumlar oʻtkazish; ikki davlatning tegishli xoʻjalik yurituvchi subyektlarining energetika loyihalarida ishtirok etish imkoniyatlari kengaytiriladi. Shuningdek, uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar joriy yilning 23-24-iyun kunlari boʻlib oʻtadigan Energetika forumi doirasida birinchi ekspertlar yigʻilishi bilan qayta tiklanuvchi energiya manbalari va DXSH masalalari boʻyicha tajriba almashishni yoʻlga qoʻyishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

    Taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasida energetika sohasidagi hamkorlik mustahkam asosga ega. Xususan, Ozarbayjonning “SOCAR” neft-gaz kompaniyasi bilan mustahkam hamkorlik qilinyapti. Shuningdek, tomonlar neft-gaz sanoati mutaxassislarining malakasini oshirish boʻyicha ham muvaffaqiyatli hamkorlik qilib kelyapti.