баннер
23 Mar 2025
03:01

    Oʻzbekiston va Ozarbayjon yetakchilari telefon orqali muloqot qildi

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev 20-mart kuni boʻlib oʻtgan telefon orqali muloqotda bir-birini va ikki mamlakatning birodar xalqlarini bahor ayyomi — Navroʻz bilan samimiy qutlab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.

    Oʻzbekiston bilan Ozarbayjon oʻrtasidagi doʻstlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning eng dolzarb masalalari batafsil muhokama qilindi.

    Oʻtgan yil avgust oyida Ozarbayjon Prezidentining Oʻzbekistonga davlat tashrifida erishilgan kelishuvlarga muvofiq amaliy hamkorlik boʻyicha rejalarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

    Iqtisodiy hamkorlik yili doirasida birgalikda samarali ishlar olib borilayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda, avtomobilsozlik, toʻqimachilik, elektrotexnika, energetika, qishloq xoʻjaligi, turizm va koʻplab boshqa tarmoqlardagi loyihalar faol bosqichga kirgan.

    Bundan tashqari, madaniy-gumanitar almashinuv doirasidagi tadbirlar muntazam oʻtkazib kelinmoqda.

    Davlat rahbarlari xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashdilar, shuningdek, boʻlajak oliy va yuqori darajadagi ikki tomonlama uchrashuvlar va koʻp tomonlama sammitlar rejasini koʻrib chiqdilar.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech