Oʻzbekiston va Ozarbayjon koʻp qirrali hamkorlikni kengaytiradi

    Joriy yil 10-iyulda Buxoro shahrida Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov raisligida Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻshma komissiyaning navbatdagi 13-majlisi boʻlib oʻtdi.

    Ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari rahbarlari ishtirok etgan ushbu tadbirda ustuvor tarmoqlarda ikki tomonlama koʻp qirrali hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.

    Oʻzaro tovar ayirboshlashning rivojlanish dinamikasi koʻrib chiqildi. 2023-yilda tovar ayirboshlash hajmi 26,5 foizga oʻsib, 231,6 million dollarni tashkil etdi, joriy yil boshidan bu koʻrsatkich yana 2,6 foizga oshdi. Shu nuqtai nazardan, ikki tomonlama savdo hajmini 1 milliard dollarga yetkazish boʻyicha chora-tadbirlar, jumladan, yuqori talabga ega boʻlgan tovarlar tahlili asosida import oʻrnini bosish, muntazam ravishda savdo va biznes missiyalarini tashkil etish, yirik shaharlarda ikki mamlakat milliy mahsulotlar koʻrgazmalarini oʻtkazish masalalari muhokama etildi.

    Sanoat kooperatsiyasi koʻlami tobora kengayib borayotgani qayd etildi – bugungi kunda Oʻzbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi 236 ta korxona faoliyat koʻrsatadi, shundan 62 tasi qoʻshma korxona va 174 tasi 100 foiz xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalardir. Ozarbayjonda 70 ta oʻzbek kompaniyasi faoliyat yuritadi. Bu yoʻnalishda Oʻzbekiston -Ozarbayjon qoʻshma investitsiya jamgʻarmasi faoliyatini kuchaytirish muhim ahamiyatga ega. Istiqbolli tashabbuslar qatorida ipak mahsulotlari ishlab chiqarish, toʻqimachilik klasterini yaratish, xalqaro maktab qurish, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish kabi loyihalar belgilab olindi.

    Shu bilan birga mashinasozlik, elektrotexnika, qurilish materiallari, energetika, neft-kimyo, qishloq xoʻjaligi va turizm sohalarida hamkorlikni rivojlantirish muhimligi qayd etildi.

    Ikki tomonlama va tranzit yuk tashish hajmini oshirish maqsadida transport yoʻlaklarini diversifikatsiya qilish, logistika infratuzilmasini yaratish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

    Hududlararo hamkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari alohida muhokama etildi. Bugungi kunda Guliston va Fuzuli, Namangan va Mingʻachevir, Termiz va Bilasuvar shaharlari oʻrtasida qardosh shahar aloqalari oʻrnatilgan. Bu boradagi ishlar davom etyapti. Tomonlar oʻzaro tashriflar jadvalini qabul qilish, yangi loyihalarni ishlab chiqish va hamkorlikning oʻzaro manfaatli yoʻnalishlarini rivojlantirish boʻyicha doimiy ishlaydigan ishchi guruh faoliyatini tashkil etishga kelishib oldilar.

    Yigʻilish doirasida ikki delegatsiya rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi ham boʻlib oʻtdi, unda tomonlar qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni atroflicha muhokama qildilar va hamkorlik rishtalarini yanada kengaytirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Komissiya yigʻilishi yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlar, masʼul rahbarlar va topshiriqlarni amalga oshirish muddatlari oʻz aksini topgan Yakuniy bayonnoma qabul qilindi.