Uchrashuv davomida investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, transport va logistika sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar joriy yil iyun oyida Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifining ahamiyati va natijadorligini taʼkidladilar. Oliy darajadagi toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot barcha sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni jadallashtirishga, shuningdek, oʻzaro manfaatli hamkorlikning yangi “oʻsish nuqtalarini” kashf etishga imkon yaratdi.

Suhbat davomida soʻnggi besh yil ichida Oʻzbekistonda Ozarbayjon kapitali asosida tashkil etilgan qoʻshma korxonalar soni 4 baravar koʻpayib, 243 tani tashkil etgani aytildi. Oʻz navbatida, Ozarbayjonda oʻzbek kapitali ishtirokida 70 ta korxona faoliyat koʻrsatyapti. Tomonlar neft-gaz, kimyo sanoati, toʻqimachilik va qishloq xoʻjaligi sohasida qiymati 500 million dollardan ortiq boʻlgan 87 ta qoʻshma loyiha va savdo shartnomalarini oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish boʻyicha saʼy-harakatlarni kuchaytirishga kelishib oldilar.

Bundan tashqari, muloqot davomida tomonlar Oʻzbekiston-Ozarbayjon Investitsiya jamgʻarmasini tashkil etish tashabbusini amalga oshirishni davom ettirish niyatida ekanliklarini tasdiqladilar va shu munosabat bilan qisqa vaqt ichida uning faoliyatini tashkil etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni shakllantirishga, shuningdek tegishli Hukumatlararo bitimni ishlab chiqishni boshlashga kelishib oldilar.

Transport va logistika aloqalarini mustahkamlash istiqbollarini muhokama qilish chogʻida muzokaralar ishtirokchilari Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasida xalqaro avtomobil transporti toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitim doirasida amaliy chora-tadbirlar qabul qilishni jadallashtirishga, shuningdek, “KASPAR” paromlarida Kaspiy dengizi orqali Oʻzbekiston uchun tovarlar ortilgan vagonlarni tashishni tezlashtirishga kelishdilar.

Alohida tartibda tomonlar joriy yil noyabr oyida Toshkentda milliy tovarlar koʻrgazmasini tashkil etish, shuningdek, Oʻzbekiston va Ozarbayjon hududlarining Birinchi forumini yuqori darajada oʻtkazishni nazarda tutgan holda hududlararo hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar. Forumga tayyorgarlik koʻrish doirasida investitsiya loyihalari paketini hamda hududlar oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqiladi.

Uchrashuv yakunida iqtisodiy sheriklikni rivojlantirishda aniq natijalarga erishish uchun muhokama qilingan barcha sohalarda birgalikda ishlashni davom ettirishga sodiqlik bildirildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.