Oʻzbekiston va Ozarbayjon parlamentlari oʻrtasida hamkorlik yanada kengayadi

    Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Boku shahrida Ozarbayjon Respublikasi Milliy Mejlisi Raisi Sahiba Gafarova bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Uchrashuvda tomonlar parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.

    Xususan, yuqori darajadagi ikki tomonlama kelishuvlarning amalga oshirilishini taʼminlash, shu jumladan, parlamentlarning savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi qoʻshma loyihalarni huquqiy jihatdan taʼminlashi masalalariga eʼtibor qaratildi.

    2022-yilda parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha Toshkentda imzolangan amaliy harakatlar rejasi, yaʼni “yoʻl xaritasi” ijrosi toʻliq taʼminlangani alohida qayd etildi.

    Uchrashuv yakunida parlamentlar oʻrtasidagi hamkorlikni yanada yuqori bosqichga koʻtarishga qaratilgan 2024–2025-yillarga moʻljallangan yangi “Yoʻl xaritasi” imzolandi.

    Ushbu hujjat parlament aʼzolari oʻrtasida tashrif almashish orqali oʻzaro munosabatlarni chuqurlashtirish, qonun ijodkorligi faoliyatini rivojlantirishni koʻzda tutadi. Shuningdek, undan ilm-fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, turizm, ekologiya, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish boʻyicha hamkorlikning huquqiy asoslarini takomillashtirish kabi yoʻnalishlar ham oʻrin olgan, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.