O‘zbekiston va Ozarbayjon tadbirkorlari ishtirokida biznes anjuman bo‘lib o‘tdi

    Mamlakatimizning Ozarbayjondagi elchixonasi tomonidan Boku shahrida O‘zbekiston Biznes va sanoat kengashi va «Founder club» assotsiatsiyasi bilan hamkorligida ikki mamlakat tadbirkorlari ishtirokida biznes forum tashkil qilindi.

    Tadbirda siyosiy, jamoatchilik va ishbilarmon doiralar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

    Ozarbayjon Milliy Majlisi deputatlari Razi Nurullayev, Vugar Iskandarov va Mushvig‘ Jafarov nutqlarida Ozarbayjon-O‘zbekiston munosabatlari tarixi, urf-odatlari, tili, madaniyati va mentalitetining mushtarakligi va o‘xshashligiga asoslangan rivojlanish surʼati yuqori baholandi.

    O‘zbekiston va Ozarbayjon rahbarlari o‘rtasida yaqin va ishonchli aloqalar o‘rnatilgani davlatlararo munosabatlarda tarixiy va unutilmas voqealar uchun mustahkam zamin yaratgani alohida taʼkidlandi. Oliy va yuqori darajadagi tashriflarning tez-tez uyushtirilayotgani bunga misol tariqasida tilga olindi. Bularning natijasi o‘laroq, o‘zaro aloqalarni turli yo‘nalishlarda rivojlantirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.

    Mazkur biznes anjuman o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalarni yana-da rivojlantirishga o‘zining munosib hissasini qo‘shishiga komil ishonch bildirildi.

    Tadbirning rasmiy ochilishi marosimidan so‘ng ikki mamlakat tadbirkorlarining V2V uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.

    Biznes forum doirasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar tovarlarining ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.