Oʻzbekiston va Ozarbayjon Yagona interaktiv davlat xizmatlari markazlari hamkorlikni kengaytiradi

    Xalqaro hamkorlik 20 Dekabr 2022 1360

    Oʻzbekiston Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi direktori Aziz Muxitdinov boshchiligidagi delegatsiya Bokudagi Asan xizmati hamda DOST markazlariga tashrif buyurdi.

    Xizmat safari doirasida 15-dekabrda “Zamonaviy boshqaruv sari yoʻl: yagona darchadan darchasiz xizmat tomon” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazildi. Unda Buyuk Britaniya, Qozogʻiston, Serbiya, Marokash, Maldiv, Gruziya, Afrika mamlakatlarining davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasida amalga oshirilgan va rejalashtirilgan ishlari toʻgʻrisida maʼlumotlar almashildi. Konferensiyada Oʻzbekiston Respublikasidan Adliya vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi rahbar va xodimlari ham ishtirok etdi.

    Tadbir davomida vatandoshlarimiz Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolarga xizmat koʻrsatish va ijtimoiy innovatsiyalar davlat agentligi tomonidan tashkil etilgan ASAN xizmati markazining (“ASAN xidmyet”) 10 yillik faoliyati sarhisobi bilan tanishtirildi.

    Shuningdek, “DOST” konsepsiyasi mamlakatda davlat ijtimoiy xizmatlarini “yagona darcha” tamoyili asosida toʻliq shaffof, operativ koʻrsatishga shart-sharoit yaratgani alohida taʼkidlandi.

    Tashrif davomida Oʻzbekiston delegatsiyasiga DOST agentligi haqida taqdimot namoyish etildi. Unda “DOST” konsepsiyasiga yangi texnologiyalarni joriy etish, xizmatlarni elektronlashtirish, “Ixtiyoriy DOST” dasturi, agentlikning rivojlanish istiqbollari yoʻnalishidagi maʼlumotlar oʻz ifodasini topdi.

    Oʻz navbatida vakillarimiz ham Oʻzbekiston Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali haqida taqdimot oʻtkazdi.

    Uchrashuvda Markazlar oʻrtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama etilib, ikki tomonlama manfaatli masalalar yuzasidan fikr almashildi.

    Maʼlumot uchun:

    Ozarbayjon Respublikasi 2015-yilda BMTning davlat xizmatlari “United Nations Public Service Awards” mukofoti bilan taqdirlangan.

    - ASAN xizmati markazi xodimlarining 51 foizini ayollar tashkil etadi;

    - uning tizimida respublika boʻylab 24 ta xizmat koʻrsatish markazi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan;

    - koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari soni 360 tadan ortiq;

    - bir kunda markazlarga tashrif buyuruvchilar soni 40 mingdan ortiq;

    - 3 mingdan ziyod volontyor jalb etilgan;

    - “ASAN kommunal”, “ASAN pey”, “ASAN radio”, “ASAN viza” tizimlari ishga tushirilgan.