Muzokaralar chogʻida Oʻzbekiston – Pokiston munosabatlarining bugungi kun tartibi, kutilayotgan oliy darajadagi tashrif doirasida ikki tomonlama tadbirlarga tayyorgarlikning borishi hamda koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishning yangi istiqbolli yoʻnalishlari muhokama qilindi.
Savdo-iqtisodiy, sanoat, investitsiyaviy, transport va logistika, madaniy-gumanitar va ilmiy-texnologik sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish boʻyicha samarali chora-tadbirlarni amalga oshirishga oʻzaro tayyorlik bildirildi.
Ikki tomonlama investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar ishlab chiqarilgan mahsulotlarni tashqi bozorlarga samarali ilgari surish uchun ikki mamlakat iqtisodiyotining raqobat ustunliklaridan foydalanib, sanoat kooperatsiyasini faollashtirish va qoʻshma korxonalar sonini koʻpaytirish boʻyicha birgalikda ish olib borishga kelishib oldilar. Xususan, tayyor mahsulotlarni uchinchi mamlakatlarga eksport qilish uchun meva-sabzavotlarni chuqur qayta ishlash boʻyicha qoʻshma korxonalarni tashkil etishni nazarda tutgan holda qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida hamkorlikning ulkan salohiyati qayd etildi. Bundan tashqari, toʻqimachilik, charm-poyabzal va farmatsevtika sanoati, shuningdek, qishloq xoʻjaligi mashinasozligi sohasida loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ham mavjud.
Taʼkidlanganidek, oxirgi yil davomida mamlakatlar oʻrtasida oʻzaro savdoning oʻsishida ijobiy dinamika kuzatilmoqda. 2020-yilda Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi oʻtgan yildagisiga nisbatan 20% oshgani, joriy yilning 5 oyi davomida esa oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 2,5 barobar oshganiga alohida eʼtibor qaratildi. Ikki mamlakat oʻrtasida Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitimni imzolash boʻyicha muzokara jarayonini jadallashtirishga kelishib olindi. Ushbu Bitim imzolanishi ikki tomonlama savdo aloqalarini yana-da mustahkamlashda muhim qadam boʻladi.
Transport va logistika sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish boʻyicha yangi takliflarni ishlab chiqish maqsadida Oʻzbekiston va Pokiston Transport vazirliklarining saʼy-harakatlarini birlashtirish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi. Shu nuqtayi nazardan, tomonlar “Mozori-Sharif – Qobul – Peshavor” temir yoʻlini qurish loyihasini amalga oshirish boʻyicha hamkorlikning borishini muhokama qilib, 2021-yil fevral oyida Toshkent shahrida yuqori darajadagi uch tomonlama uchrashuv yakunlari boʻyicha imzolangan tegishli “Yoʻl xaritasi”ga kiritilgan kelishuvlarni amalga oshirishga sodiqligini bildirdilar.
Turizm, shu jumladan, ziyorat turizmi sohasida hamkorlikni rivojlantirish uchun mavjud boʻlgan shart-sharoitlar ham qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar muntazam ravishda hamkorlik qilib borish, amaldagi kelishuvlar ijrosini jadallashtirish va ikki tomonlama munosabatlarning yangi yoʻnalishlarini ishlab chiqishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.