Tomonlar birgalikdagi saʼy-harakatlarni davom ettirish va savdo-iqtisodiy, sanoat, investitsiyalar, transport va logistika sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish boʻyicha rejalashtirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Ular, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasi oʻrtasida Imtiyozli savdo toʻgʻrisida bitimni imzolashga tayyorgarlik koʻrish doirasi oʻzaro hamkorlikka oid masalalarni muhokama qildilar hamda mavjud masalalarni kelishishni tezlashtirish maqsadida ikki tomonlama muzokaralarni jadallashtirishga kelishib oldilar. Shuningdek, shu yilning iyul oyida imzolangan Savdo va tranzit boʻyicha bitimni hayotga tatbiq etishning aniq mexanizmlari va har ikki tomonning masʼul shaxslari koʻrsatilgan holda “Yoʻl xaritasi” ham yaqin kelajakda kelishib olinadi.
Transport va logistika hamkorligi mavzusiga toʻxtalib, tomonlar barqaror tranzit tashishni taʼminlash boʻyicha samarali chora-tadbirlar koʻrishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Bank-moliya sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar joriy yilning iyul oyida Toshkentda Pokiston tomoni bilan ikki tomonlama tadbirlar davomida erishilgan barcha kelishuvlarni sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi yuzasidan kelishish jarayonini yakuniga yetkazishga ahd qildilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.