Oʻzbekiston va Polsha oʻrtasida parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama etildi

    Joriy yil 6 mayda Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Polsha Respublikasi parlamenti Senati Raisining oʻrinbosari Mixal Kaminskiy bilan uchrashdi.

    Suhbat chogʻida Oʻzbekiston-Polsha munosabatlarining holati va ularni rivojlantirish istiqbollari, shu jumladan, parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish, yangi mazmun bilan boyitish, qonun ijodkorligi va parlament nazorati sohasida oʻzaro tajriba almashishni faollashtirish masalalari muhokama etildi.

    Suhbat davomida Oʻzbekiston va Polsha oʻrtasidagi parlamentlararo muloqot izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari oʻrtasida ustuvor yoʻnalishlarda hamkorlikni yanada chuqurlashtirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani taʼkidlandi. Parlamentlardagi doʻstlik guruhlarining faoliyatiga, shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashning muhim vositasi sifatida parlament delegasiyalarining muntazam tashriflari almashinuviga alohida eʼtibor qaratildi.

    Shuningdek, oliy taʼlim, madaniyat, turizm, sogʻliqni saqlash va qishloq xoʻjaligi kabi sohalardagi hamkorlikning mustahkam ikki tomonlama asoslarini shakllantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar talabalar oʻrtasida tajriba almashish, mutaxassislarning malakasini oshirish masalalari, shuningdek, ikki davlat oʻrtasida gumanitar aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan qoʻshma taʼlim dasturlari va loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildi.

    Uchrashuv yakunlari boʻyicha parlamentlararo aloqalarni muntazam ravishda davom ettirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.