Oʻzbekiston va Polsha parlamentlari hamkorlik aloqalarini kuchaytiriladi

    Xalqaro hamkorlik 8 Iyun 2021 932

    Joriy yil 8-iyunda Oliy Majlis va Polsha Milliy Assambleyasi Seymi oʻrtasidagi hamkorlik boʻyicha parlamentlararo doʻstlik guruhning onlayn yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Videokonferens aloqa shaklida tashkil etilgan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari A. Saidov, “Oʻzbekiston — Polsha” parlamentlararo doʻstlik guruhlari aʼzolari, OAV vakillari ishtirok etdi.

    Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Polsha oʻrtasidagi parlamentlararo hamkorlik aloqalari rivojlanmoqda. Mazkur jarayonda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Polsha Respublikasi Milliy Assambleyasining Seymi bilan hamkorlik boʻyicha parlamentlararo doʻstlik guruhi faol ishtirok etmoqda. Shu asosda parlamentlararo muloqotni chuqurlashtirishga katta eʼtibor berilmoqda. Qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish boʻyicha ham amaliy aloqalar yoʻlga qoʻyilmoqda.

    Muloqot chogʻida Polsha parlamenti aʼzolari Seym faoliyati xususida batafsil maʼlumot berishdi.

    — Oʻzbekistonlik hamkasblar bilan ochiqlik, doʻstlik va hamjihatlik ruhida oʻtgan uchrashuvlar oʻzaro tajriba almashishga xizmat qiladi, – dedi “Polsha — Oʻzbekiston” parlamentlararo doʻstlik guruhi raisi Pavel Beyda. — Muloqotda parlamentlararo aloqalarni yana-da kengaytirishga oid hamkorlik masalalari koʻrib chiqildi. Zero, Oʻzbekiston va Polsha oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlar ulkan salohiyatga ega. Hamkorlikni barcha yoʻnalishlarda rivojlantirish uchun esa oʻzaro saʼy-harakatlarni qatʼiy davom ettirish zarur.

    Onlayn tadbirda ikki tomonlama aloqalarda erishilgan muayyan natijalar eʼtirof etilar ekan, hali bu borada ishga solinmagan imkoniyatlar koʻp ekanligi ham qayd etib oʻtildi. Xalqaro tashkilotlar doirasida oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni kengaytirish, manfaatli savdo-iqtisodiy, siyosiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yana-da mustahkamlashning huquqiy asoslarini takomillashtirish shular jumlasidandir.

    Binobarin, oʻzaro samarali munosabatlarni yangi bosqichga olib chiquvchi xalqaro shartnomalarning oʻz vaqtida ratifikatsiya qilinishi hamda ularning ijrosini parlament nazorat qilishi bu borada katta ahamiyat kasb etadi.

    Muzokaralar davomida tomonlar oʻzaro keng koʻlamli parlamentlararo hamkorlikni izchil va yangi yoʻnalishlarda davom ettirish, ikki mamlakat tashabbuslarini xalqaro miqyosda qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

    Onlayn muzokaralar yakunida Oʻzbekiston va Polsha oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni har tomonlama mustahkamlashda parlamentlarning rolini kuchaytirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.

    Mamlakatlarimizda olib borilayotgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi keng koʻlamli islohotlarning mazmun-mohiyatini jahon hamjamiyatiga yetkazish maqsadi yoʻlidagi hamkorlik aloqalari bundan buyon ham jadal davom ettiriladi.