Oʻzbekiston va Qatar Buxoroda yangi loyihalarni amalga oshirish niyatida

    Biznes 9 Noyabr 2023 552

    Joriy yil 8-noyabrda Qatar Davlatining sobiq Bosh vaziri, ushbu mamlakatdagi qator yirik investitsiya va sanoat xoldinglari asoschisi Hamad bin Jassim Ol-Soniy boshchiligidagi delegatsiya Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamrohligida Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi.

    Tashrif dasturiga muvofiq, Buxoro shahridagi qishloq xoʻjaligi klasteri faoliyati bilan tanishildi. Mehmon korxonada yoʻlga qoʻyilgan ommabop mahsulotlar ishlab chiqarish jarayonlarini yuqori baholadi.

    Hamad bin Jassim Ol-Soniyga qishloq xoʻjaligi klasteri faoliyatini kengaytirish boʻyicha rejalashtirilgan loyihalar, Buxoro viloyatining savdo-iqtisodiy imkoniyatlari va umuman, Oʻzbekistonda yaratilgan investitsiya muhitining qulay sharoitlari taqdim etildi.

    Taqdimotlar chogʻida turli sohalarda hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari muhokama etildi. Xususan, tayyor toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish va turizm infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirishga kelishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Mehmonlar, shuningdek, Buxoroning jahonga mashhur meʼmoriy ansambllariga tashrif buyurdilar.