Bitim Oʻzbekiston nomidan tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Qatar nomidan ushbu davlat Bosh vaziri oʻrinbosari, tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon bin Josim Ol Soniy tomonidan imzolandi
Bitim havo qatnovini tashkil etish, aviakorxonalarni tayinlash, ularga parvozlarni amalga oshirish huquqini berish, belgilanadigan manzillarni aniqlash, sertifikat va litsenziyalarni tan olish, ikki davlatda tayinlangan aviakorxonalarning vakolatxonalari faoliyatini tartibga solish kabi masalalarni nazarda tutadi.
Hujjat qoidalariga koʻra, har bir tomonning belgilangan avia tashkilotlari ikkinchi davlat hududida kelishilgan manzillarda qoʻnishni amalga oshirish va ularning hududlaridan qoʻnmasdan uchib oʻtish uchun tegishli huquqlardan foydalanadi.
Bitimda Oʻzbekiston va Qatar oʻrtasidagi havo qatnovlarini rivojlantirish maqsadida aviatashkilotlarga doimiy qatnovlarni amalga oshirishni taʼminlovchi va bojxona yigʻimlari, soliq va boshqa toʻlovlardan ozod etuvchi imtiyozlar oʻzaro asosda taqdim etilishi nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, hujjatda aviatsiya sohasidagi xavfsizlik va ikki mamlakat aviatsiya tashkilotlari oʻrtasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan bahslarni hal etish meʼyorlari hamda oʻzaro hamkorlik qilishning boshqa shartlari belgilab qoʻyilgan.
Hujjat ikki tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirishga ijobiy turtki beradi, ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yana-da kengaytirish uchun yangi istiqbollarni ochadi va oʻzaro manfaatli aviatashuvlar bozorini shakllantirishga koʻmaklashadi.
Eslatib oʻtamiz, Qatar Bosh vazirining oʻrinbosari, tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon bin Josim Ol Soniy boshchiligidagi delegatsiya Toshkentga tashrifi doirasida Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashdi.
Unda Qatar va Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari xususida fikr almashildi. Ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Maʼlumot uchun, joriy yilning 6-7-aprel kunlari Toshkentda Oʻzbekiston va Qatarning fuqaro aviatsiyasi sohasidagi oʻzaro hamkorligini yana-da rivojlantirish maqsadida ikki davlat aviatsiya maʼmuriyatlari vakillari oʻrtasida muzokaralar boʻlib oʻtgan edi.
Mazkur muzokaralarda Qatar fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi, Oʻzbekiston transport vazirligi, “Oʻzaviatsiya” agentligi hamda tomonlarning tayinlangan aviakompaniyalari - “Uzbekistan Airways” AJ va “Qatar Airways” aviakompaniyasi vakillari ishtirok etgandi.
Oʻshanda Oʻzbekiston va Qatar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri havo qatnovlarini yoʻlga qoʻyish, havo qatnovi toʻgʻrisidagi ikki tomonlama hukumatlararo bitim loyihasi boʻyicha ishlarni yakuniga yetkazish, “Uzbekistan Airways” va “Qatar Airways” aviakompaniyalari oʻrtasida hamkorlik oʻrnatish va boshqa masalalar muhokama qilingan edi.