Uchrashuv kun tartibi doirasida ikki tomonlama hamkorlikning asosiy masalalari va ikki mamlakat oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va logistika, madaniy-gumanitar sohalardagi munosabatlarni chuqurlashtirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Tomonlar joriy yilning fevral oyida Doxa shahrida Oʻzbekiston va Qatar tashqi ishlar idoralari oʻrtasida oʻtkazilgan ikki tomonlama siyosiy maslahatlashuvlar yakunlariga yuqori baho berdilar hamda hukumatlararo muloqotni faol davom ettirish muhimligini taʼkidladilar. Avvalgi ikki tomonlama uchrashuv va tadbirlarda erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etishga qaratilgan “Yoʻl xaritasi”ning amalga oshirilishi hamda bu boradagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Energetika, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat va kimyo sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, transport va turizm kabi yoʻnalishlarda investitsiya sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishning ulkan imkoniyatlari qayd etildi. Ularni roʻyobga chiqarish uchun yaqin orada tomonlar oʻzbek va qatarlik tadbirkorlari orasidan boʻlajak sheriklarni jalb qilish boʻyicha ish olib boradi. Tomonlar, shuningdek, Qatar kompaniyalarining energetika, neft-gaz, kimyo va neft-kimyo sohalaridagi loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish imkoniyatlarini alohida taʼkidladilar.

Investitsiya sohasidagi sheriklikni chuqurlashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi va Qatar Davlati oʻrtasida Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va oʻzaro himoya qilish toʻgʻrisidagi bitim boʻyicha muzokaralarni jadallashtirish borasida kelishuvga erishildi.

Oʻzaro savdo sohasida ishga solinmagan ulkan salohiyat mavjudligi qayd etildi. Savdo aylanmasini oshirish imkoniyatlarini birgalikda oʻrganish, mavjud savdo toʻsiqlarini bartaraf etish va uchinchi mamlakatlardan kelayotgan import oʻrnini bosish boʻyicha takliflar tayyorlash yuzasidan kelishuvga erishildi.

Tomonlar transport va logistika sohasidagi hamkorlikka toʻxtalib, Qatarning “Mozori-Sharif – Qobul – Peshavor” temir yoʻlini qurish loyihasini amalga oshirishdagi ishtirokining istiqbollarini koʻrib chiqdilar va bu yoʻnalishda navbatdagi tadbirlarni belgilab oldilar.

Shu bilan birga, bank-moliya sohasida ham sheriklikni rivojlantirish boʻyicha kelishuvga erishildi. Qatar tomoni Oʻzbekistonda islomiy banking mexanizmlarini joriy etish uchun qator Qatar banklarini jalb etishda koʻmaklashishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, Oʻzbekistonning Samarqand, Buxoro, Xiva va boshqa yirik turistik shaharlarida zamonaviy mehmonxona majmualarini qurishni nazarda tutgan holda, turizm sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish istiqbollari muhokama qilindi.

Oʻzbekiston va Qatar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tomonlar ikki mamlakatning tegishli idoralari rahbarlaridan iborat qoʻshma ishchi guruhni tuzishga kelishib oldilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar joriy yilning ikkinchi yarmida Doxa shahrida Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning birinchi yigʻilishi hamda Oʻzbekiston – Qatar Ishbilarmonlar Kengashining birinchi yigʻilishini oʻtkazishga kelishdilar.

Shuningdek, tadbir yakunida erishilgan kelishuvlarni roʻyobga chiqarish va ikki davlat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni izchil kengaytirish boʻyicha navbatdagi tadbirlar belgilab olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.