Oʻzbekiston va Qatar oʻrtasidagi parlamentlararo aloqalari muhokama etildi

    Osiyo xotin-qizlari forumi doirasida Oliy Majlis Senati Raisi Т.Нарбаева Qatar Davlati Maslahat kengashi raisining oʻrinbosari Hamda bint Hasan al-Sulaytiy xonimni qabul qildi.

    Uchrashuvda tomonlar Oʻzbekiston va Qatar oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar va sheriklik aloqalari jadal rivojlanib borayotganini, xususan, muntazam siyosiy maslahatlashuvlar yoʻlga qoʻyilganini eʼtirof etdi. Diplomatik aloqalar yangi bosqichga koʻtarilib, mamlakatimizda Qatar elchixonasi – Doxada esa Oʻzbekistonning diplomatik vakolatxonasi ochilgani ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochib berdi.

    Muloqot davomida ikki davlatning parlamentlararo munosabatlariga eʼtibor qaratilib, parlamentlararo guruhlar va tegishli qoʻmitalar oʻrtasidagi muloqotni faol davom ettirish kabi masalalar atroflicha muhokama etildi.

    Bundan tashqari, ikki davlat parlamentlari vakillari xalqaro tashkilotlar doirasida hamda ikki tomonlama munosabatlarning boshqa yoʻnalishlarida yanada faol hamkorlik aloqalarini olib borishga, oʻzaro tajriba almashishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oiy Majlis Senati matbuot xizmati.