O‘zbekiston va Qirg‘iziston yetakchilari bo‘lajak tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdilar

    Hukumat 20 Sentabr 2022 4401

    20-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

    Davlat rahbarlari Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasida yaqinda yuz bergan fojiali voqealar yuzasidan fikr almashdilar. Prezidentimiz qurbon bo‘lganlarning oilalari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi hamda vaziyatning avj olishini to‘xtatish bo‘yicha ikki tomonlama kelishuvlarga erishilganini chin dildan olqishladi.

    O‘zbekiston va Qirg‘iziston yetakchilari Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida o‘tkazilgan tadbirlarning sermahsul yakunlarini muhokama qildilar.

    Ustuvor yo‘nalishlardagi kooperatsiya loyihalari bo‘yicha kelishuvlarni ro‘yobga chiqarish, shu jumladan, “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish loyihasini ilgari surish muhimligi alohida ta’kidlandi.

    Bo‘lajak oliy darajadagi, shu jumladan mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi uchrashuvlarga tayyorgarlikning borishi ham ko‘rib chiqildi.