Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻzaro koʻp qirrali hamkorlikni kengaytiradi

    Xalqaro hamkorlik 25 Yanvar 2023 1100

    Joriy yil 24-yanvarda Bishkek shahrida Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Qirgʻiziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari Baxit Toroboyev va iqtisodiyot va savdo vaziri Doniyor Amangeldiyev bilan uchrashdi.

    Oʻzbekiston hukumati delegatsiyasining tashrifi doirasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda oʻzaro hamkorlikning dolzarb masalalari tomonlar diqqat markazida boʻldi.

    Qirgʻiziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari Baxit Toroboyev bilan suhbat chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Qirgʻiziston Respublikasiga boʻlajak davlat tashrifining ahamiyati taʼkidlandi. Tashrif ikki davlat oʻrtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirish va kengaytirishga kuchli turtki berishi kutilyapti.

    Oʻzbekiston va Qirgʻiziston ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish ishlari koʻrib chiqildi. Tomonlar forum davomida imzolanishi rejalashtirilgan investitsiya bitimlari va savdo shartnomalari roʻyxatini sinxronlashtirdilar. Kimyo va toʻqimachilik sanoati, mashinasozlik, farmatsevtika, charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish, qurilish materiallari, elektrotexnika, shuningdek, energetika, qishloq xoʻjaligi, transport, logistika va turizm kabi sohalar hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilandi.

    Ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi izchil ortib borayotgani taʼkidlandi. Soʻnggi 6 yil ichida ikki tomonlama savdo 8 barobar oshib, 2022-yilda 1,3 milliard dollarga yetdi. Yaqin kelajakda ushbu koʻrsatkichni 2 milliard dollarga yetkazish boʻyicha qator aniq amaliy choralar koʻrishga tayyorlik bildirildi.

    Qirgʻiziston Respublikasi iqtisodiyot va savdo vaziri Doniyor Amangeldiyev bilan uchrashuvda tijorat avtomobillari va yengil avtomobillar ishlab chiqarishni tashkil etish, yigiruv va toʻqimachilik korxonalarini qurish va kengaytirish, qurilish materiallari ishlab chiqarish boʻyicha yirik qoʻshma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.

    Tadbirkorlarga tegishli shartnoma va bitimlar tuzishda koʻmaklashish boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Tomonlar, shuningdek, qishloq xoʻjaligi sohasida, yaʼni ikki davlat hududlarida intensiv bogʻlar va yuqori texnologiyali issiqxonalar barpo etishga qaratilgan investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirishga kelishib oldilar. Shu maqsadda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish joylari, shuningdek, ikki davlat xususiy korxonalari orqali tashabbuskorlar bir hafta muddatda belgilanadi.

    Xitoy – Qirgʻiziston - Oʻzbekiston temir yoʻli qurilishi loyihasini tayyorlash masalasi alohida koʻrib chiqildi. Loyihaning har bir bosqichini amalga oshirishning aniq muddatlari koʻrsatilgan “Yoʻl xaritasi”ni imzolash boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Qambarota GES-1 qurilishi loyihasini hayotga tatbiq etishni nazarda tutgan holda energetika sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Tegishli hujjatlarni qabul qilishni tezlashtirish va loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Uchrashuvlar yakunida tomonlar muhokama etilgan loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida kelgusidagi hamkorlik formatini kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.